29 oktyabr kuni Markaziy harbiy okrugida joylashgan Jizzax viloyatidagi harbiy qismlarning birida yosh harbiy xizmatchilar bilan uch kunlik namunadagi maxsus amaliyot mashg‘ulotlariga start berildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Dastlab, bo‘linma tarkibida belgilangan hududni o‘rganish, tog‘ va cho‘l hududida harakatlanish taktikasi hamda noqulay obi-havo sharoitida jangovar vazifani bajarish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulot tashkil etildi.

Shundan so‘ng, bo‘linma jangovar tayyorgarlikning yangicha usul va uslublarini o‘zida jamlagan va 15−20 ta elementlardan iborat maxsus majmuaviy to‘siqlar yo‘lagidan o‘tdi.

Shuningdek, harbiy texnikalar yordamida mashqlar bajarildi. Jangovar ikkilik va uchlik bilan yaqin masofada jang olib borish usullari real sharoitlarga yaqin tarzda bajarildi.

Harbiy okrugdagi harbiy qism komandiri va ularning o‘rinbosarlari namunadagi mazkur mashg‘ulotlarni kuzatib borishmoqda. Kelgusida bo‘linmalardagi harbiy xizmatchilarni ruhiy va jismoniy sifatlarini yanada shakllantirish bo‘yicha jangovar tayyorgarlik usullari va maxsus yo‘lak elementlari boshqa harbiy qismlarda ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.