Toshkentdagi INHA universitetida Khan Academy Oʻzbek — o‘zbek tilidagi birinchi bepul onlayn platformasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi XTV matbuot xizmati.

Ochilish marosimida spikerlar tomonidan platforma haqida taqdimotlar o‘tkazilib, jamoa qanday vazifalarni bajarishi va Khan Academy Oʻzbek rejalari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Khan Academy Oʻzbek — bu o‘zbek tilidagi ilk onlayn ta’lim maktabi. Xan akademiyasiga 2006 yilda amerikalik Salmon Xon tomonidan asos solingan. U boshqa shtatda istiqomat qiladigan jiyaniga matematika bo‘yicha masofadan turib saboq berish uchun darslarni video shaklida yozib, youtube tarmog‘iga joylashtirib boradi. Bu orada uning videosaboqlari boshqa foydalanuvchilar orasida ham keng tarqaladi. Shu tariqa akademiyaning ilk asosi qo‘yilgan.

Khan Academy onlayn tarzda mustaqil bilim olishga mo‘ljallangan platforma hisoblanadi. U matematika, fizika, kimyo, biologiya, iqtisodiyot, ingliz tili grammatikasi, tibbiyot, astronomiya, moliya, tarix kabi fanlar bo‘yicha 10 mingdan ziyod videodarslar va 100 mingdan ortiq mavzulashtirilgan interaktiv mashqlarni jamlagan juda katta qamrovli platforma bo‘lib, har kim o‘zi istagan tilda, qulay vaqt va joyda kerakli fan bo‘yicha bilimlarni olishi mumkin. Videolar 5−6 daqiqalik mikroma’ruzalardan iborat. Har bir video muayyan fan bo‘yicha bitta tushunchani tushuntirishga yo‘naltirilgan. Mazkur mavzu yuzasidan bilimlarni sinash uchun interaktiv mashqlar ham taqdim etiladi.

Khan Academy kontenti bugungi kunda 36 ta tilga tarjima qilingan bo‘lib, undan 190 dan ortiq davlatda 63 millionga yaqin odam foydalanadi. Platformadan foydalanish — bepul.

Platformani o‘zbek tiliga o‘girish bilan «Bilim Onlayn» NNT shug‘ullanadi. Bugungi kunga qadar birinchi fan — boshlang‘ich matematika video va matn materiallari to‘liq tarjima qilindi. Dastlabki 315 ta videodarslar yaratilib, Youtube-kanaliga yuklandi.

Uz.khanacademy.org manzilida ishga tushirilgan glatforma individuallashtirilgan bo‘lib, u teskari sinfxona metodini qo‘llash imkonini beradi. Ya’ni Khan Academy videolari o‘quvchilarga uyga vazifa qilib berilishi, sinfda esa ularga tushunarli bo‘lmagan joylarigina muhokama qilinishi mumkin, deyiladi xabarda.