O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Yadro-energetika dasturi uchun kadrlar salohiyatini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Strategiyaga muvofiq, yadro-energetika dasturi uchun kadrlar tayyorlashga davlat buyurtmasi shakllantiriladi.

Buning uchun ushbu kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj aniqlanadi, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash uchun mutaxassisliklar ro‘yxati belgilanadi.

Ma’lumot uchun, prezident farmoniga asosan, O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universitetida atom energetikasi sohasida mutaxassislar tayyorlash uchun yangi magistartura mutaxassisliklari ochildi, Toshkent davlat texnika universitetida «Energetika (atom energetikasi)» mutaxassisligi bo‘yicha talabalarni o‘qitish tashkil etildi.

Strategiyaga ko‘ra, AESni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot xodimlari 4 ta bosqichda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlanadi:

  • oliy rahbar xodimlar;
  • ekspluatatsiya (operativ va ta’mirlash) xodimlari;
  • yordamchi texnik xodimlar;
  • ma’muriy-boshqaruv xodimlari.

Shu bilan birga, «MMFI milliy tadqiqot yadro universiteti»ning Toshkent filialida bakalavr yo‘nalishlari kengaytiriladi, magistratura ochiladi.

Shuningdek, mazkur filial xodimlari Atom energetikasini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan moddiy rag‘batlantiriladi.

Strategiya maqsadlarida Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE), Jahon yadro uyushmasi huzuridagi Jahon yadro universiteti (Buyuk Britaniya), shuningdek, «Rosatom» ta’lim muassasalari (Rossiya) bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Avvalroq «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachev jurnalistlarga 2019 yil so‘ngiga qadar korporatsiya AES qurilishi bo‘yicha asosiy shartnomani imzolashi, 2020 yildan stansiya qurilishi maydonchasida ishlarni boshlashi rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilgan edi.