O‘tgan yili Sherobod tumanida sement zavodi ishga tushirilgan edi. Bu yil Jarqo‘rg‘on tumanida «Surxonsementinvest» xorijiy korxonasi barpo etildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. Bu yerda Germaniya, Avstriya, Rossiya va Xitoydan zamonaviy texnologiya va uskunalar o‘rnatildi. Loyiha qiymati qariyb 144 million dollar bo‘lgan korxonaning birinchi bosqichi yakunlangan. Zavod to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagach, yiliga 1,1 million tonna sement ishlab chiqariladi va 750 ming tonna sement eksport qilinadi, 1 125 kishi ish bilan ta’minlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu zavod salohiyati bilan tanishdi.

«Surxondaryo viloyatining iqtisodiy imkoniyatlari juda katta. Bu yerda yerosti boyliklar ko‘p. Mendeleyev davriy jadvalidagi deyarili barcha elementlar bor. Bundan oqilona foydalanishimiz, xalqimiz manfaati uchun ishlatishimiz kerak», — dedi prezident.

Shuningdek, kelgusida 12 million dollardan ziyod investitsiya jalb qilish orqali quruq qurilish aralashmalari, gidratlangan ohak, temir-beton mahsulotlari ham tayyorlash rejalashtirilgan.

Shu yerda viloyatda sanoat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ichimlik va oqova suv tizimlarini yaxshilash, qurilish materiallari ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Viloyatning har bir tumanida 9−12 qavatli uylar qurish, Denov tumani iqtisodiyotini rivojlantirish, tumanda erkin iqtisodiy zona tashkil etish, viloyat eksport salohiyatini oshirish, ko‘proq investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.