O‘zbekiston ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shoxhur G‘iyosov Toshkentda propiska tartiblarining soddalashtirilishi huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati samaradorligini oshirishi mumkinligini ma’lum qildi.

Payshanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida huquqshunos va bloger Xurshudbek Xudoyberdiyev ichki ishlar organlari poytaxtda doimiy propiska bekor qilingan taqdirda xavfsizlikni ta’minlay oladimi, degan savolni berdi.

Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Milliy tiklanish» Demokratik partiyasi a’zosi Akmaljon Umirzoqov yirik shaharlarda fuqarolarni ro‘yxatga olish qattiq nazorat qilinmasa, jinoyatchilik darajasi ortib ketishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

«Biz uchun qanchalik sodda bo‘lsa shuncha yaxshi. Chunki propiska tizimi soddalashsa, u holda biz hozirda biz nazardan chetda qoldirayotgan huquqbuzarliklar haqida bilamiz. Fuqaro shuni tushunishi kerak: bu — to‘g‘ri, bu esa — yo‘q. Xodim ham buni tushunishi kerak. Soddalashtirish — yengillashtiradi», — dedi IIV OAV va jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i.

«Biz (IIV — tahr.) — ijro organimiz, shuning uchun biz qonunni ijro etishimiz kerak», — dedi u.

«Propiskani soddalashtirish — ulkan profilaktik ish hamdir, — deya aniqlik kiritdi Shoxruh G‘iyosov «Gazeta.uz»ga. — Murakkablashtirilgan propiska tartiblari nimaga olib keladi? Noqonuniy ishchi kuchlari, majburiy mehnatga tushib qolish xavfi, jinoyatlarni sodir etish xavfi, daromadlarning qisqarishi va boshqalarga».