Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida ota-onalar qarovisiz qolgan, mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Oliy Majlis Senatining tegishli qo‘mitalari hamda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti hamkorligida o‘tkazilgan tahlillar ota-onalar qarovisiz qolgan, mehribonlik uyida tarbiyalangan bolalarning ijtimoiy hayotga moslashuvida qator muammolar mavjudligini ko‘rsatdi.

Jumladan, sohada huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushunmaslik, normativ hujjatlarda ko‘zda tutilgan tamoyillar va me’yorlarga amal qilmaslik yoki e’tiborsizlik, mutasaddi tashkilotlar va rahbarlarning qonun doirasidagi vazifalarini bajarmasligi kabi holatlar yoshlarning ijtimoiy hayotga moslashuvida qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Ayrim hududlarda mehribonlik uyini tamomlagan yoshlarning o‘z vaqtida uy-joy bilan ta’minlanmasligi yoki mazkur yo‘nalishdagi qonun hujjatlarining ijro mexanizmlaridagi mavjud kamchiliklar oqibatida yoshlar og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga duch kelmoqda.

Aksariyat viloyatlarda mehribonlik uyini tamomlagan yoshlarning ko‘pchiligi sanitariya talablariga javob bermaydigan turar joylarga joylashtirilgan.

Mehribonlik uyini tamomlagan va 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 233 nafar yoshlar ishtirokida so‘rov o‘tkazildi. So‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning 44,1 foizi ishsiz bo‘lib, aksariyati o‘rta-maxsus ta’lim tizimini tugatgandan keyin o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topolmagan, ularning bor-yo‘g‘i 5,6 foizi (13 nafari) davlat tasarrufidagi tuzilmalarda ishlaydi.

So‘rovda qatnashganlarning turmush sharoitlari, kayfiyati o‘rganilganda, aksariyat yoshlarda jamiyatga nisbatan ishonchsizlik, loqaydlik, o‘z turmushidan norozilik hissi mavjudligi kuzatildi. Jumladan, respondentlarning 38,2 foizi (88 nafari) o‘z turmushidan mamnun emasligini ma’lum qilgan.

Respondentlarning 71,2 foizi (166 nafari) fikriga ko‘ra, shaxsiy turar joyning yo‘qligi mazkur toifadagi yoshlarning eng asosiy muammosi bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, 27,4 foiz (64 nafari) yoshlar ishga kirishda ko‘plab qiyinchiliklar yuzaga kelayotganini qayd etgan.

Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, ota-onalar qarovisiz qolgan, mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalarni o‘z vaqtida hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan Vazirlar Mahkamasiga bir qator ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan parlament so‘rovi yuborish nazarda tutildi.