Shu yilning 24 sentyabr kuni Yakkabog‘ tumani Jambul mahallasida yashovchi, tuman gaz uchastkasi komendanti lavozimida ishlaydigan M.E.ning yashash xonadonida hech kim yo‘qligidan foydalanib noma’lum kimsalar o‘g‘rilikka kirishgan. Bu haqda «Qashqadar» gazetasining sayti orqali xabar berildi.

O‘g‘rilar xona ichidagi temir seyfni buzib, 70 ming AQSH dollari hamda jabrlanuvchining ko‘rsatuvlariga ko‘ra, oltin qorishmasidan tayyorlangan, bahosi 142 million so‘mlik 2 dona erkaklar soati, 2 dona ayollar soati, 1 dona braslet, 1 ta ayollar bilak uzugi, 8 dona sepochka, 8 ta uzuk hamda 20 juft ayollar sirg‘asi, jami 807 million so‘mlik mol-mulkni o‘marib, juftakni rostlashgan.

Mazkur holat yuzasidan shu kunning o‘zida Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksi 169-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyatni fosh etish yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni 1997 yilda Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta maxsus, Yakkabog‘ shahrilik T.Sh. o‘z sheriklari bilan sodir etgani aniqlandi. Vaholanki, aynan o‘g‘rilik sabab bu kimsalarning bir emas, bir necha marta boshi toshga tekkan.

T.Sh. 2012 yilda Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan sudlanib, jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumani sudi tomonidan 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan. 2018 yilda yana shu modda bilan sudlanib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga «munosib» ko‘rilib, oxirgi jazo muddatini Qamashi tumanidagi jazoni ijro etish koloniyasida o‘tagan. 2019 yil 29 avgustda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilinib, ozodlikka chiqarilgan hamda Yakkabog‘ tumani IIB probatsiya xizmati hisobida turgan.

Uning sherigi — 1998 yilda Shahrisabz tumanida tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta maxsus, Shahrisabz shahar Yashil diyor mahallasida yashovchi B.X. 2017 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumani sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-modda 3-qismi «a» bandiga ko‘ra 3 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan. Biroq jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagani uchun unga e’lon qilingan axloq tuzatish ishlari jazosi 2018 yil 26 martda 2 yil 11 oy 25 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga o‘zgartirilgan. 2019 yil 26 fevralda esa 2 yil 25 kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilinib ozodlikka chiqarilgan, Shahrisabz tumani IIB probatsiya xizmati hisobida turgan.

Qing‘ir ishda qatnashganlarning keyingisi — 1995 yilda Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta maxsus, Yakkabog‘ tumani Jambul mahallasida, ya’ni o‘g‘rilik sodir etilgan hududda yashovchi N.S. ekanligi aniqlangan.

Shunga ko‘ra, pul va tilla taqinchoqlar hujjatlashtirib olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.