11 oktyabrdan 10 noyabrga qadar O‘zbekistonning to‘rtta shahri — Toshkent, Nukus, Urganch va Jizzaxda Yevropa kinosi festivali o‘tkaziladi. Tadbir «O‘zbekkino» Milliy agentligi tomonidan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi bilan birga, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiasiyasining (EOAVMA) ko‘magida o‘tkaziladi.

YeI Delegatsiyasining xabar qilishicha, yettinchi bor o‘tkazilayotgan festival doirasida Yevropaning 12 mamlakati: Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Italiya, Latviya, Gollandiya, Finlyandiya, Fransiya va Shvesiyaning taniqli rejissyorlari tomonidan yaratilgan 10 ta film taqdim etiladi.

Bular: «Belgiyaliklar qiroli» komediya janrida suratga olingan drama, «Qishdagi Luiza» animatsion filmi, «Stefan Sveig: Yevropa bilan xayrlashuv» hujjatli filmi, «Imtihon» va «Kichik fermer» dramalari, biror bir inson kadriga tushmagan «Homo sapiyens» filmi, «Uzoqdagi kuchuklar hayqirig‘i» hujjatli filmi, kriminal elementlariga ega «Chyambra» dramasi, «Hayotdagi eng baxtli kun» nomli quvnoq hujjatli film va «Jannat 89» badiiy filmlari.

Ochilish marosimi 11 oktyabr Toshkentda, EOAVMAning «Media-xol» binosida bo‘lib o‘tadi. Festival Toshkentda 18 oktyabrgacha davom etadi, filmlar Nukusda — 24−26 oktyabr, Urganchda — 1−3 noyabr va Jizzaxda — 8−10 noyabr kunlari namoyish etiladi (dastur).

Barcha filmlar rus va o‘zbek tilidagi subtitrlar bilan asliyat tilida namoyish etiladi. Barcha kinoseanslarga kirish — bepul.