25 sentyabr kunidan e’tiboran qo‘shni Qozog‘istonning Xorgos va Petropavlsk shaharlariga muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi, deya xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati. Mazkur yo‘nalishlarda «Uzautotrans Service» korxonasi zamonaviy Yutong avtobuslarida xizmat ko‘rsatadi.

«Toshkent-Xorgos» yo‘nalishida qatnovlar haftaning dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi. Avtobuslar «Toshkent» avtovokzalidan soat 10:00 da yo‘lga chiqadi. Chipta narxi esa 200 000 so‘m etib belgilangan.

«Toshkent-Petropavlsk» yo‘nalishida esa qatnovlar kun ora amalga oshiriladi. Avtobus «Toshkent» avtovokzalidan soat 19:00 da jo‘nab ketadi. Mazkur qatnov yo‘nalishida chipta narxi 337 000 so‘mni tashkil etadi.

Bugungi kunda Toshkent-Olmaota, Toshkent-Ushkunur, Toshkent-Qizilo‘rda, Toshkent-Nursulton, Chirchiq-Ushkunur, Chirchiq-Olmaota, Chirchiq-Chimkent, Angren-Olmaota yo‘nalishlarida ham muntazam avtobus qatnovlari amalga oshirilmoqda.