6 sentyabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi binosida besh kishilik oilaning umriga zomin bo‘lgan sudlanuvchilar ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Aziz Obidov «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Mazkur jinoyat ishi O‘zbekiston Oliy sudi sudyasi Ikrom Muslimov raisligida hamda sudyalar O. Arabov va E. Ergashevdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi.

Sudlanuvchilar G‘olib Tashanov (1981 y. t.), Jahongir Usmonov (1993 y. t.), Shamsiddin Esonboyev (1995 y. t.) va Xabibullo Nurmanovning (1996 y. t.) Jinoyat kodeksining 97 (qasddan qotillik), 164 (bosqinchilik) va 267- (transport vositasini olib qochish) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblandi.

Sud G‘olib Tashanov, Jahongir Usmonov, Shamsiddin Esonboyev va Xabibullo Nurmanovga o‘tash uchun uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Tayinlangan jazo maxsus tartibli jazoni ijro etish koloniyasida o‘tattirish belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida er-xotinlar — fermer xo‘jaligi ishchisi va uning turmush o‘rtog‘i, shuningdek, ularning uch nafar o‘g‘li Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida qotillik alomatlari bilan Damas avtomobili ichida topilgan edi. Bugun sud hukmi e’lon qilingan gumondorlar — vaqtincha ishsizlar qurbonlar istiqomat qilgan mahallada yashagan va jinoyat sodir etilgandan bir haftaga qolmasdan qo‘lga olingan.