Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Jizzax garnizonida joylashgan Maxsus operatsiyalari kuchlari bo‘linmalariga yaqinda qabul qilingan yosh harbiy xizmatchilar bilan maxsus mashg‘ulotlar tashkil etildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bir necha kun muddatda yosh harbiy xizmatchilarni bilimi, amaliy ko‘nikmasi hamda jismoniy tayyorgarligi yana bir bor sinovdan o‘tkazildi.

Guruh shaxsiy tarkibiga belgilangan hududga xavfsiz yetib borish, shartli dushmanni qidirib topish va marsh brosok o‘tkazish, ekstremal sharoitlarda yashovchanlikni oshirish hamda suv to‘siqlaridan o‘tish kabi maxsus vazifalar yuklatildi.

Maxsus bo‘linma suv to‘siqlarigacha bo‘lgan mashqlarni belgilangan vaqtdan 20 daqiqa tezroq bajardi. Dastlab guruhning bir qismi niqoblanib, ovoz chiqarmay hamda atrofni sinchkovlik bilan kuzatib, suv to‘siqlaridan o‘tdi. Shundan so‘ng ikkinchi usul qo‘llanildi. Ya’ni suv havzasidan arqon yordamida o‘tildi.

Ekstremal sharoitlarga (dasht, cho‘l yoki notanish hududga) tushib qolgan yosh harbiy xizmatchilar tomonidan tez fursatda olov yoqish, hayvonlarni ovlash, suvni ichishga yaroqli holatga keltirish kabi usullar o‘ylab topildi.

Tadbir yakunida maxsus mashqlarni bajarishda bo‘linma tarkibi tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda afzalliklar ko‘rsatilib o‘tildi hamda guruh shaxsiy tarkibi maxsus vazifani bajarishda yaxshi tomonga belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Maxsus bo‘linmalariga o‘tish istagini bildirgan yosh harbiy xizmatchilar olti oylik tayyorlov kurslaridan o‘tkaziladi.