Oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari tantanali ravishda harbiy qasamyod qabul qildi, deya xabar berdi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti «Gazeta.uz»ga.

Xususan, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yangidan barpo etilgan oliy harbiy ta’lim muassasasi — O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining ochilishi, shuningdek, bilim yurti 1-kurs kursantlarining harbiy qasamyod qabul qilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Mudofaa vazirligi faxriylari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Yangi ob’ekt ramziy lentasi qirqilgach, oliy harbiy aviatsiya bilim yurti boshlig‘iga ramziy kalit, shuningdek, prezident nomidan yengil avtomobil va viloyat hokimi nomidan Isuzu avtobusi topshirildi.

Ob’ektni kapital ta’mirlash ishlarida ishtirok etgan mutaxassislar Mudofaa vazirining esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.

25 yillik tarixga ega oliy harbiy ta’lim muassasasi ochilishiga bag‘ishlangan tadbir davomida Harbiy havo kuchlari tomonidan tayyorlangan havo paradi va aviashou namoyish etildi. Parad avvalida N-125 rusumli vertolyotda davlat bayrog‘i olib o‘tildi. Mi-8MT, Mi-24 vertolyotlari, S-295, Su-25, Mig-29 samolyotlarining bilim yurti uzra parvozi mehmonlar tomonidan olqishlandi.

Shuningdek, Qurolli Kuchlar akademiyasida bo‘lib o‘tgan tantanada ham akademiyaning umumqo‘shin fakultetiga o‘qishga kirgan kursantlar tantanali harbiy qasamyod qabul qildi.

Mudofaa vazirligi rahbariyati, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar ishtirokida bo‘lib o‘tgan marosimda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining mamlakat mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, tinch va osuda hayotimizni himoya qilishning mustahkam tayanchi bo‘lib kelayotgani, harbiy xizmatning yoshlarimiz uchun tom ma’noda mardlik, chiniqish va toblanish maktabiga aylangani ta’kidlandi.

Mazkur tantanalar Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi harbiy-tibbiyot fakultetida ham ana shunday hayajonli tarzda o‘tdi.

Bitiruv tantanalari davomida taqdim etilgan bayramona konsert dasturi, ijodkorlar va sportchilarning chiqishlari barchaga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.