O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 avgust kuni mamlakatda kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzurida Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi («O‘zkosmos») tashkil etildi.

Farmonda qayd etilishicha, mamlakatda amalga oshirilayotgan mavjud ilmiy-texnologik yo‘nalishlarni kengaytirish va talab yuqori bo‘lgan yangi yo‘nalishlarni yaratishga qaratilgan faol investitsiya siyosati, shuningdek, aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturiy chora-tadbirlar innovatsiyalar, nano-texnologiyalar, atom energetikasi, kosmik sanoat kabi hali foydalanilmagan yuqori ilmiy hajmdor, texnologik va keng ko‘lamli faoliyat yo‘nalishlaridan foydalanishni talab etadi.

«O‘zbekiston Respublikasida mashinasozlik sohasida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan muhim ilmiy-texnik, sinov-ishlab chiqarish, tajriba-izlanish salohiyati, yetarli intellektual va kasbga doir resurslar, muayyan bazaviy kosmik infratuzilma mavjud. Shu bilan birga, mamlakatda qishloq va suv xo‘jaligi, ekologiya, telekommunikatsiya, geologiya-qidiruv, kartografiya, meteorologiya, seysmologiya va shaharsozlik sohalarining samaradorligini oshirish imkoniga ega bo‘lgan yerni masofadan turib zondlash, yo‘ldosh aloqa, navigatsiya tizimlari kabi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida faoliyat deyarli amalga oshirilmayapti», — deyiladi hujjatda.

«O‘zbekkosmos» agentligi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi. Quyidagilar «O‘zbekkosmos» agentligining asosiy vazifalari etib belgilandi:

kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirishning davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

kosmik faoliyat, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;

kosmik faoliyat sohasining lozim darajada rivojlanishi, sohaga tegishli va u bilan bog‘liq ishlar, xizmat ko‘rsatishning bajarilishini ta’minlash maqsadida kosmik faoliyat sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

kosmik tarmoq infratuzilmasi, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar, ilmiy-izlanish, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlarni rivojlantirish bo‘yichakompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

kosmik faoliyatning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni, jumladan, yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

stratosfera va boshqa uchuvchisiz uchish apparatlari, shuningdek, yerni masofadan turib zondlash va yo‘ldoshli aloqa kosmik apparatlarini qo‘llagan holda davlat organlariga masalalarni hal etish samaradorligini oshirishda ko‘maklashish;

kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;

xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni kosmik faoliyat sohasiga, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb qilish maqsadida manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari, donor-mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikni rivojlantirish;

kosmik va yo‘ldosh texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy tijorat tuzilmalari, ishlab chiqaruvchilar va moliya resurslarining keng jalb etilishini ta’minlash;

kosmik faoliyatning ayrim yo‘nalishlari tijoratlashtirilishini rag‘batlantirish.

«O‘zbekkosmos» agentligi huzurida O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mudofaa vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasidagi xalqaro ekspertlarni o‘z tarkibiga kiritgan Ilmiy-texnik va ekspert kengashi tashkil etiladi.

2019−2020 yillarda O‘zbekistonda kosmik tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. 1 noyabrga qadar «Kosmik faoliyat to‘g‘risida"gi qonuni loyihasini, 2020 yil 1 iyulga qadar 2020−2030 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirish davlat dasturini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Dasturda sanoat va ekologik xavfsizlikning yuqori darajasini ta’minlovchi zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda kosmik tarmoq va tegishli infratuzilma ob’ektlarini qurish, oliy ta’lim muassasalarida hamda o‘quv markazlarida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasi mutaxassislarini tayyorlashni tashkil etish ko‘zda tutiladi.