O‘zbekiston Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi «Issiqlik ta’minoti to‘g‘risida"gi qonun loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Hujjatga ko‘ra, quyidagilar issiqlik ta’minoti tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • shaharlar va boshqa aholi punktlari issiqlik ta’minoti tizimlarini rejalashtirish, ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish;
  • yangi bunyod etilayotgan va joriy issiqlik ta’minoti tizimlariga yuqori samarador issiqlik energiyasi uskunalarini joriy etish;
  • magistral va taqsimlovchi issiqlik tarmoqlarida issiqlik energiyasini tashishdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, bunda issiqlik izolyatsiyasining zamonaviy turlari, jumladan penopoliuretandan tayyorlangan quvurlardan foydalanish;
  • korroziyaga qarshi qoplamalar va elektrokimyoviy himoya vositalarining yangi turlarini joriy etish orqali quvurlardan foydalanish muddatlarini uzaytirish, nometall quvurlardan foydalanish;
  • foydalanish jarayonida issiqlik ta’minoti tizimlari holatini avvaldan diagnostika qilishni (energetik tekshiruv) joriy etish.

Hujjatda markazlashtirilgan issiqlik manbalari tomonidan issiqlik energiyasi bilan qamrab olingan hududlarda issiqlik ishlab chiqarish manbalarini o‘rnatish va qurishni taqiqlash taklif etilmoqda.

Issiqlik ta’minoti tashkilotlariga quyidagi huquqlarni berish rejalashtirilmoqda:

  • iste’molchilardan issiqlik energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida olish;
  • to‘lov muddatlarida shartnoma majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, iste’molchiga issiqlik energiyasini yetkazib berishni to‘xtatish;
  • iste’molchi tomonidan issiqlik ta’minoti xizmatlaridan foydalanganlik uchun qarzdorlik to‘lanmaganda muddatidan o‘tgani uchun penya qo‘llagan holda majburiy undiruv choralarini qo‘llash;
  • avariyalardan ogohlantirish yoki ularni bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas choralarni amalga oshirish uchun issiqlik energiyasini yetkazib berishni to‘xtatish;
  • issiqlik energiyasi iste’moli rejimiga rioya etilishini nazorat qilish.

Qonun loyihasida aholi uchun tariflarni quyidagicha tartibda o‘rnatish taklif qilinmoqda:

  • markaziy isitish xizmatlari bo‘yicha — 1 kvadrat metr uchun isitish mavsumining bir kuniga;
  • issiq suv hisoblagichi bo‘lmagan holatda issiq suv ta’minoti bo‘yicha — bir kishi uchun bir oyga;
  • issiq suv hisoblagichi bo‘lganda — 1 kub metr issiq suv uchun;
  • o‘tkazilgan issiqlik va issiqlik tashuvchisi miqdorini hisobga oluvchi uskuna bo‘lgan taqdirda — bir vaqtning o‘zida 1 Gkal issiqlik energiyasi va 1 kub metr issiq suv.