«Toshshahartransxizmat» AJ poytaxtdagi jamoat transportlariga videokuzatuv kameralarini o‘rnatayotgani haqida ma’lum qilgan edi. Hozircha videokameralar sinov tariqasida 24-yo‘nalishdagi avtobuslarga o‘rnatilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur videomonitoring bir qancha masalalarda samarali bo‘lishi kutilmoqda. Xususan:

huquqbuzarliklar va terrorizmning oldini olishda;

avtotransport vositalari boshqaruvchilari qanday ishlayotganligini nazorat qilishda;

fuqarolar va ularning mulkini tashqi ta’sirlardan himoya qilishda;

Videokuzatuv tizimining asosiy vazifasi yo‘l harakati xavfsizligini oshirishni nazarda tutadi. Videokuzatuvdan foydalanish shubhali shaxslar va vositalarni aniqlash,transport yo‘nalishlarini optimallashtirish uchun yo‘lovchilar tashishni hisobga olish, baxtsiz hodisa yuzaga kelganda nizolarni hal qilish uchun haydovchining aybdorligi yoki aybsizligini aniqlashda yordam beradi.

Yil oxiriga qadar «Toshshahartransxizmat» AJ tomonidan barcha yo‘nalishdagi avtobuslarga videokuzatuv vositalarini o‘rnatish rejalashtirilmoqda.