O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha vazirlik va idoralarning, iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy soha korxonalari va tashkilotlarining ishi qoniqarsiz deb topildi. O‘zbekiston prezidentining 22 avgustdagi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida bu haqda so‘z boradi.

«Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining mavjud quvvatlari energiya resurslariga ortib borayotgan talab-ehtiyojni to‘liq darajada ta’minlamayapti, mamlakatimiz iqtisodiyotining energiya sarfi hajmi rivojlangan mamlakatlarning o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha yuqoridir», — deyiladi hujjatda.

Hozirgi vaqtda asosan gidroelektrostansiyalar ishlab chiqarayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasiga mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi umumiy hajmining atigi 10 foizi to‘g‘ri kelmoqda. Nihoyatda katta salohiyat mavjud bo‘lishiga qaramasdan, quyosh va shamol singari qayta tiklanuvchi energiya manbalarining imkoniyatlaridan to‘liq darajada foydalanilmayapti, deya qayd etiladi qarorda.

Qaror bilan 2019−2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish kompleks dasturi ma’qullandi. Unda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 2030 yilga borib elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 25 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, dasturda mintaqalarda ijtimoiy soha ob’ektlarini (ta’lim muassasalari, shu jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash ob’ektlarini) energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar keltirilgan. Shuningdek:

  • issiq suv va elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun zamonaviy quyosh fotoelektrik stansiyalari va quyosh suv isitkichlarini (markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimlariga ulangan ob’ektlar bundan mustasno), shuningdek, energiya samarador, shu jumladan, bivalent isitish tizimlarini bosqichma-bosqich o‘rnatish, xususan, zamonaviy issiqlik nasoslari va rekuperatorlarini joriy etish;
  • binolarning issiqlik himoya tizimini yaxshilash, ikki kamerali va energiya samarador deraza bloklarini, svetodiodli manbalarni o‘z ichiga olgan sensorli datchiklar, shuningdek, havo rekuperatorlari va boshqa tizimlarni o‘rnatish hisobiga Nukus shahrida, viloyat markazlarida va viloyatlarning shaharlarida energiya iste’molini kamaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
  • xususiy xonadonlarda quyosh fotoelektrik stansiyalari (o‘rtacha 2 kVt) va quyosh suv isitkichlarini (o‘rtacha 200 litr) o‘rnatish;
  • maishiy iste’molchilarning, shuningdek, yuridik shaxslarning nostandart gaz-gorelkali qurilmalarini zamonaviy va energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarga almashtirish belgilandi.

2020 yil 1 yanvardan quyidagi tadbirlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan har yili tasdiqlanadigan parametrlar doirasida moliyalashtiriladi:

a) jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq:

  • quyosh fotoelektrik stansiyalari uchun — 3 million so‘mdan;
  • quyosh suv isitkichlar uchun — 1,5 million so‘mdan;
  • gaz-gorelkali qurilmalar uchun — 200 ming so‘mdanoshmaydigan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etish;

b) jismoniy va yuridik shaxslarga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlar, shuningdek, energiya samarador boshqa uskunalarni xarid qilishga tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga quyidagi kompensatsiyalarni taqdim etish:

  • jismoniy shaxslarga — 500 million so‘mdan oshmaydigan kreditlar bo‘yicha — Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 8 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • yuridik shaxslarga — 5 milliard so‘mdan oshmaydigan kreditlar bo‘yicha — Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 5 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • v) energiya samarador, energiya tejovchi texnologiyalar va uskunalarga, shuningdek, ularni sinash metodlariga nisbatan talablarni o‘rnatadigan xalqaro standartlarni ishlab chiqish va qabul qilish.