Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati Sherobod tumani hokimi O‘rol Boboqulovning Surxon davlat qo‘riqxonasining biologik xilma-xilligi va uning noyob ekotizimini xavf ostiga qo‘ygan noqonuniy harakatlari to‘g‘risida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 30 iyun kuni tuman hokimi tadbirkor B, Eshboyevga (Ko'xitang Sharsharali Bog’lari kompaniyasi) qo‘riqxona hududidan mehmonxona qurishi uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan. Vaholanki davlat qo‘riqxonasi hududida nazorat qilinuvchi ilmi izlanishlardan tashqari har qanday xo‘jalik faoliyati taqiqlangan. Ular Xalqaro tabiatni muhofaza qilish kengashining (IUCN) I toifasi qo‘riqlanuvchi hududlaridan hisoblanadi.

«Mazkur harakatlar O‘zbekiston Respublikasining «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida"gi qonunining qo‘pol ravishda buzilishidir. Qo‘riqxona muhofaza qilinadigan umumdavlat ahamiyatiga ega tabiiy hudud hisoblanadi. Uni tashkil etish, hududini o‘zgartirish va qayta tashkil etish bilan bog‘liq barcha qarorlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi darajasida qabul qilinadi», — deya ta’kidladi Davlat ekologiya qo‘mitasi vakili.

Davlat ekologiya qo‘mitasi tuman va viloyat hokimiyatlari, shuningdek Sherobod tuman prokuraturasiga qonunbuzarlik to‘g‘risida ma’lumot yubordi.

«Surxondaryo viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Sherobod tuman hokimiyatiga murojaat qildi. tuman hokimiyati murojaatni inkor etmoqda. So‘ngra boshqarma bizga (Davlat ekologiya qo‘mitasiga) murojaat qildi. Biz noqonuniy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi rasmiy xat bilan tuman va viloyat hokimiyatlariga chiqdik», — deya xabar qilindi qo‘mitadan.

Munosabat bo‘lmagani sababli 10 avgust kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi vakillari Surxon qo‘riqxonasiga borib, hokim qarorining qonunga zid ekanini tushuntirish uchun tadbirkor va Kadastr boshqarmasi vakillari bilan uchrashdi.

So‘ngra ular Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston qator xalqaro biologik bitim va konvensiyalar, jumladan BMTning biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiyasi ishtirokchisi ekani qayd etildi. Mamlakat o‘z majburiyatlari doirasida birinchi navbatda bioxilma-xillikni saqlashga mo‘ljallangan muhofaza qilinuvchi tabiiy hududlar maydonini oshirishi va ushbu maqsadda davlat qo‘riqxonalarini tashkil etishi borasidagi vazifalarini bajarishi lozim.

Surxondaryo viloyati hokimi bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha ushbu masalaning tez orada yechimini topishi ma’lum qilindi.

«Gazeta.uz» ma’muriyat saytida ko‘rsatilgan telefon raqami orqali Surxondaryo viloyati hokimiyati bilan bog‘lanishning uddasidan chiqa olmadi.