Samarqad viloyati Narpay tumani Oqtosh shahrida yashovchi A. Valiyeva (ism-familiyalar o‘zgartirildi) 2014 yilning 21 iyulida Rossiya davlatiga, qarindoshlarinikiga ko‘chib ketadi. U uy-joyni o‘zining nomidan sotish uchun N. Jo‘raboyevaga ishonchnoma qoldirgandi. Ana shu ishonchnomaga asosan Narpay tuman davlat notarial idorasining 2015 yil 15 apreldagi oldi-sotdi shart-nomasiga ko‘ra, uy-joyni G. Shodmonova sotib oladi.

G. Shodmonova hozirgi kunda ushbu uy-joyda doimiy ravishda yashab kelmoqda. Biroq uy daftarida A. Valiyeva yashovchi sifatida ro‘yxatda qolib ketgan. G. Shodmonova A. Valiyeva bilan telefon orqali gaplashganida betobligi tufayli O‘zbekistonga kelolmasligini bildirgan. Shundan so‘ng G. Shodmonova sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar A. Valiyevani o‘zi yashab turgan uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan, deb topishni so‘radi.

Mazkur fuqarolik ishi bo‘yicha Narpay tumanidagi Muqimiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan shu yilning 2 mart kuni berilgan ma’lumotnomada Valiyeva Asya Kadirovnaning 2014 yil 21 iyul kuni Rossiya Federatsiyasiga ko‘chib ketgani va uning yashash joyi noma’lumligi bildirilgan. Shu sababdan ham sud ishni javobgarning ishtirokisiz ko‘rishni lozim topdi.

Ish hujjatlariga qaraganda, Muqimiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inidagi N. uy-joy Narpay tuman notarial idorasining 2015 yil 15 apreldagi oldi-sotdi shartnomasiga asosan Gulsum Shodmonovaga tegishli. Samarqand viloyat yer tuzish va mulk kadastri korxonasi Narpay tuman filiali tomonidan uy-joy davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Uning mulkdori Gulsum Shodmonova hisoblanadi.

Endi qonunchilik normalariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, amaldagi Fuqarolik kodeksining 164, 166 va 207-moddalari talabiga ko‘ra, mulk huquqi muddatsiz bo‘lib, ushbu huquq shaxsning o‘ziga tegishli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek, o‘zining mulk huquqini kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iborat. Mulk daxlsizdir va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Xususiy mulk huquqi shaxsning qonun hujjatlariga muvofiq tarzda qo‘lga kiritgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidan iborat.

Shunday qilib, da’vogar G. Shodmonova N. uy-joyda ro‘yxatda turib, undan doimiy ravishda oila a’zolari bilan foydalanib kelmoqda. Javobgar A. Valiyeva shu vaqtga qadar uy-joyning ro‘yxatida turib, yashamasdan kelgan. Da’vogar G. Shodmonova barcha kommunal to‘lovlarni javobgar A. Valiyeva uchun ham to‘lab kelgan.

Shu o‘rinda uy daftari nusxasi va mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan berilgan ma’lumotnomalarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, javobgar A. Valiyeva uy-joy ro‘yxatidan o‘tgan.

Amaldagi Uy-joy kodeksining 52-moddasi talabiga ko‘ra, munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joyni ijaraga oluvchi, uning oila a’zolari yoki ijaraga oluvchi bilan doimiy yashayotgan fuqarolar vaqtincha bo‘lmaganida turar joy olti oy muddat davomida ularning hisobida saqlanib turadi. Shuningdek, ushbu kodeksning 54-moddasiga ko‘ra, fuqarolarni belgilangan muddatdan ortiq bo‘lmaganlari oqibatida munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joylardan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish ijaraga beruvchining yoki ushbu turar joyda yashab qolgan boshqa doimiy foydalanuvchilarning da’vo arizasiga binoan sud tartibida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Sud qonun talabiga tayandi. Da’vogar G. Shodmonovaning javobgar Valiyeva Asya Kadirovnaga nisbatan uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi da’vo talabini qanoatlantirib, hal qiluv qarori qabul qildi.

Xulosa qilib aytganda, fuqaroning da’vo talabi sud tomonidan qanoatlantirilgani mamlakatimizda mulk huquqining daxlsizligi va u qonun bilan qo‘riqlanishini amalda yana bir bor ko‘rsatdi.

Sherzod Toshpo‘latov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining sudyasi