O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida Mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi Jon Makgregor bilan uchrashdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Tadbirda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, uni jadallashtirish borasida fikrlar almashindi. Uchrashuv davomida Qurolli Kuchlari akademiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti o‘rtasida tadbirlar rejasi imzolandi. Elchi Jon Makgregor davraga «Assalomu alaykum», deya kirib keldi va o‘z nutqini o‘zbek tilida o‘qidi.

— Ikki yilga mo‘ljallangan ushbu loyiha asosan harbiy ta’limga yo‘nalgan, — dedi elchi Jon Makgregor. — Belgilangan muddat ichida o‘zbekistonlik kursantlar xorij tajribasi bilan tanishtirilib boriladi. Joriy yilning oktyabr oyida mintaqaviy xavfsizlikka bag‘ishlangan yirik xalqaro anjuman, dekabrda esa kiberxavfsizlik mavzusida trening mashg‘uloti o‘tkazish rejalashtirilgan.

Mehmonlar, shuningdek, Qurolli Kuchlari akademiyasi faoliyati, muzeyi bilan tanishdilar.