5 avgust kuni Davlat bojxona qo‘mitasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «Yallama» chegara-bojxona postiga tutash hududda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida jismoniy shaxslar va bojxona xodimlaridan iborat jinoiy guruh faoliyati fosh qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, jinoiy guruh a’zolari yuk avtotransport vositalarini mazkur post orqali navbatsiz va tezlashtirgan holda o‘tkazishni va’da qilib, avtotransport vositalari haydovchilari va tadbirkorlardan tamagirlik yo‘li bilan pora olib kelishgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan 5 avgust kuni O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-tezkor harakatlari olib borilmoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasi respublikamiz chegara-bojxona postlari orqali harakatlanayotgan yuk avtotransport vositalari haydovchilari va tashuvchilarni post orqali navbatsiz va tezkorlik bilan o‘tkazishni va’da qiluvchi firibgarlarning aldovlariga ishonmasliklarini so‘rab qoladi.

Jinoyat ishining tergov natijalari haqida qo‘shimcha ma’lumot berib boriladi.

O‘zbekiston prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 27 maydagi farmoni ijrosi doirasida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tizimda korrupsiyaga qarshi samarali va murosasiz kurash olib borilmoqda, deyiladi xabarda.