Shahnoza Shavkatovna Mirziyoyeva Maktabgacha ta’lim vazirligining Maktabgacha ta’lim sohasi siyosatini shakllantirish va yuritish bosh boshqarmasi lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi MTV matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. Vazirlik tarkibida yangi boshqarmani tashkil etish masalasi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 1 avgustdagi 640-sonli qarorida keltirib o‘tilgan.

Prezidentning kichik qizi 2017 yil dekabridan MTV Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish va strategik rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Yelena Tenning o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Mazkur boshqarma Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, tahlil qilish va strategik rivojlantirish boshqarmasi etib qayta tashkil etildi.