2019 yil 4 avgust kuni, soat 18:30larda Buxoro viloyati, Jondor tumani hududidan o‘tgan A-380 «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» avtomobil yo‘lining 299-kilometrida, Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi, Turkiston viloyati, Chimkent shahrida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan A.R. «Van Hool» rusumli, KZ 545 APB 13 davlat raqam belgili avtobusini boshqarib borayotib, noma’lum sabablarga ko‘ra rul boshqaruvini yo‘qotgan va avtobus yo‘l chetiga ag‘darilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabar berdi.

Ushbu yo‘l-transport hodisasi natijasida avtobusdagi yo‘lovchilardan biri voqea joyida halok bo‘lgan. 10 nafar yo‘lovchi turli darajadagi tan jarohatlari olib kasalxonaga yotqizilgan. Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi A.R. boshqaruvidagi «Van Hool» rusumli, KZ 545 APB 13 davlat raqam belgili avtobus «Almati-Nukus» xalqaro yo‘nalishida yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshirgan.

Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasining kelib chiqish sabablari o‘rganilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.