Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Rishtondagi hashar jarayonida majburiy mehnatga jalb qilish holatlarini o‘rganish uchun uchta guruh shakllantirildi. Ushbu guruhlar «Farg‘onaazot», «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» va «Farg‘ona issiqlik energo markazi» korxonalarida tekshiruvlar o‘tkazadi, deya xabar qildi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati.

«Tekshiruvlar yakunlari bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi va ular haqda qo‘shimcha xabar qilinadi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Rishton tumanida umumxalq hashari o‘tkazilgani, unga Farg‘ona viloyatining barcha shahar va tumanlaridan 13562 kishi jalb qilingani haqida xabar qilingan edi.

Jumladan, uchta ob’ektda qurilish va obodonlashtirish ishlariga to‘rtta sektor rahbarlari tashabbusi bilan Farg‘ona shahrida 4550 kishi qatnashdi. Ularning 1500 nafari — «Farg‘onaazot», 2500 nafari — «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» va 550 nafari «Farg‘ona issiqlik energo markazi» xodimlaridir.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bunday tadbirlarni o‘tkazish mehnat qonunchiligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzish ekani va ommaviy ravishda majburiy mehnatga jalb qilish hisoblanishini yana bir bor ta’kidladi. Chunki 27−28 iyul kunlaridagi hashar prezident yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida o‘tkazilmagan.

Mehnat vazirligi joylardagi davlat hokimiyati organlari rahbarlaridan majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishiga barham berishni talab qildi.