O‘tgan ikki kun ichida butun mamlakat bo‘ylab ro‘y bergan yo‘l-transport hodisalarida eng kamida sakkiz kishi hayotdan ko‘z yumdi. Ushbu hodisalar to‘g‘risida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

24 iyul kuni 11:40 da Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumanida «VAZ-2107» avtomobilini boshqarib kelayotgan Amudaryo tumanidan bo‘lgan 33 yoshli I. D. «G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu» avtomagistralining 844-kilometrida beton simyog‘ochga borib urildi. Uning yo‘lovchilari — 20 yoshli J. R. va 21 yoshli S. A. — olgan tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida vafot etdi, haydovchi va 19 yoshli yana bir yo‘lovchi A. A. shifoxonaga yotqizildi.

Xuddi shu kuni 6:10 da Jizzax viloyati Zomin tumanida 32 yoshli toshkentlik S. X. «VAZ-21011» avtomobilini boshqarib kelar ekan, «Jizzax — Zomin» avtomagistralining 37-kilometrida qarama-qarshi tomondan «Gulshan» qishlog‘ida yashagan 32 yoshli Sh. T. boshqaruvidagi Nexia mashinasi bilan to‘qnashdi.

To‘qnashuv natijasida yong‘in kelib chiqdi. «VAZ-21011» to‘liq, Nexia esa qisman yondi. Har ikki haydovchi ham tan jarohatlari ortidan hodisa joyida vafot etdi. Nexia yo‘lovchisi, haydovchining 61 yoshli otasi Sh. T. shifoxonaga yotqizildi.

Seshanba, 23 iyul kuni 9:15 da Namangan viloyati Pop tumanida Namangan tumanida istiqomat qilgan 66 yoshli Nexia A. A. avtomobilida «Pungan — Namangan» yo‘lining 26-kilometrida boshqaruvni yo‘qotib, 45 yoshli toshkentlik Sh. A. boshqarib kelayotgan boshqa Nexia bilan to‘qnashdi.

Natijada Nexia haydovchisi A. A.ning 62 yoshli turmush o‘rtog‘i hodisa joyida olamdan o‘tdi. Haydovchi, uning bir yoshli nevarasi hamda ikkinchi Nexia haydovchisi Sh. A. shifoxonaga yotqizildi. Biroq tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramasdan, A. A. shifoxonada vafot etdi.

Xuddi shu kuni 4:00 da Samarqandda «Islom Eshonqulov» korxonasining 27 yoshli haydovchisi J. A. Ibn Sino ko‘chasida Nexia avtomobilida qarama-qarshidan kelayotgan Pastdarg‘om tumanidan bo‘lgan 30 yoshli L. N. boshqaruvidagi «ZIL» yuk avtomashinasi bilan to‘qnashuv sodir etdi.

Nexia haydovchisi J. A. olgan jarohatlari oqibatida shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etdi, uning avtomobilida bo‘lgan 24 yoshli qarindoshi P. A. esa hodisa joyida olamdan o‘tdi.

Barcha holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.