O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlik sub’ektlariga bank xizmatlarini ko‘rsatishni yaxshilash va ajratilayotgan kreditlar samaradorligini oshirishga topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Hozirda kredit olish istagidagi tadbirkorning murojaati 3 bosqichda, ya’ni tuman-viloyat-respublika darajasida ko‘rib chiqiladi. Bankning markaziy idorasi rozilik bermasa, tadbirkor kredit ololmaydi. Oqibatda, bu jarayon ayrim hollarda oylab cho‘zilib ketyapti.

Shu bois, banklarda kredit ajratish masalalarini bir va ikki pog‘onaga o‘tkazish, 70−100 nafar xodim ishlaydigan filiallar o‘rniga 10−15 nafar shtatdan iborat ixcham bank xizmatlari markazlarini ko‘paytirish lozimligi ta’kidlandi.

Tadbirkorlarning kredit foiz stavkalariga oid fikrlari muhokama qilinar ekan, kreditlar bo‘yicha kafolat berish va foizlarni qisman qoplash maqsadida tashkil qilingan Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi faoliyatini kuchaytirish muhimligi aytildi.

Yig‘ilishda tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan yana bir muammo — loyihalarni joylashtirish uchun yer ajratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Bu tizim hanuzgacha ochiq-oshkora ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, 3 ming 500 gektar maydon «Yer-elektron» axborot tizimiga taqdim etilgan bo‘lsa-da, shundan 1 ming 300 gektari yoki 37 foizi savdoga qo‘yilgan, xolos.

Shu bois, mutasaddilarga yer ajratish masalasini idoralar bilan kelishish, binoni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini tubdan soddalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda sud tizimining kichik biznes sub’ektlari murojaatlariga yondashuvi xususida ham so‘z bordi. Ma’lumki, xorijiy tajribada 70 foiz nizolar sudgacha hal etiladi. Chunki ishlarni sudda ko‘rib chiqish katta xarajat va ko‘p vaqt talab etuvchi jarayon hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, tadbirkorlar bilan bevosita ishlaydigan davlat idoralarida nizolarni sudgacha hal etish tuzilmalarini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Adliya vazirligi, Oliy sud va Savdo-sanoat palatasiga muqobil hakamlik sudlari faoliyatini va mediatsiya institutini kengaytirish masalalarini nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tizimida Tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish agentligi tashkil etish taklifi bildirildi. Mazkur agentlik ko‘rsatilgan sohani yuksaltirish bo‘yicha davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas’ul bo‘ladi. Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi faoliyatini ham muvofiqlashtirib boradi.

«Faqat katta korxonalar qurib, aholi bandligini va daromadini oshirish, byudjet tushumlarini ko‘paytirish masalalarini to‘liq hal eta olmaymiz. Turmush darajasini oshirishning eng muhim yo‘li tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirishdir», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga o‘tgan haftadagi tashrifi doirasida Xovos tumanini «Tadbirkorlik hududi"ga aylantirish bo‘yicha taklif etilgan tashabbusni amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiyot va sanoat vaziri boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi har bir tumanning salohiyatidan kelib chiqib, kichik biznesni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi zarurligi qayd etildi. Ushbu takliflar asosida tadbirkorlarga ularni amalga oshirish, kredit, yer va bino ajratish, infratuzilmaga ulash kabi barcha masalalarda ko‘maklashiladi.

Videoselektorda sanoat sohasidagi kichik biznes sub’ektlari va yirik korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini keng yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Masalan, avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmoqlari o‘rganilganda tadbirkorlik sub’ektlari va yirik sanoat korxonalari o‘rtasida kooperatsiya deyarli yo‘qligi, oqibatda yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va butlovchi qismlar import qilinayotgani ma’lum bo‘lgan. Achinarlisi, ayrim sanoat korxonalari kichik ishlab chiqaruvchilar u yoqda tursin, xaridorlar talabi bilan ishlashni ham bilmaydi.

Shu bois Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga o‘nta yirik sanoat tarmog‘i, jumladan, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, avtosanoat korxonalari bilan kichik biznes o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda kooperatsiya yarmarkalari o‘tkazish, mahsulot va xizmatlar o‘z egasini topishi uchun «Yagona elektron kooperatsiya birja portali"ni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.