Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 iyuldagi qarori bilan Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, agentlik faoliyatini muvofiqlashtirish, unga umumiy rahbarlik qilish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va Agentlik xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Agentlikning asosiy vazifasi intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlash, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish hisoblanadi.

Agentlikka prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod etiladigan adliya vaziri o‘rinbosari — direktor rahbarlik qiladi.

Intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilishning eng muhim masalalari bo‘yicha muammolarni ilmiy tahlil qilish, tavsiyalarni ko‘rib chiqish va ishlab chiqish uchun agentlikda yuqori malakali xodimlar, yetakchi olim va mutaxassislardan iborat ilmiy-texnik kengash tashkil etiladi.

Agentlik xodimlari maqomi, tibbiy xizmat ko‘rsatish, mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlariga ko‘ra tegishli ravishda Adliya vazirligi markaziy apparati xodimlariga tenglashtiriladi.


https://t.me/huquqiyaxborot