2019 yilning birinchi yarim yilligi mobaynida ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 8 025 ta ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 5 761 ta fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga.

Shuningdek, ma’muriy sudlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha 213,5 ming nafar shaxsga nisbatan 179 mingta ish ko‘rib chiqildi. Jumladan 133,3 ming nafar shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma’muriy qamoq va O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Tahlillarga ko‘ra, ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning aksariyatini avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish, soliq solinadigan ob’ektlarning hisobini olib bormaslik yoki kassa operatsiyalarini yuritish tartibini, shuningdek to‘lov intizomini buzish, haqorat qilish, mayda bezorilik, transport vositalarini mast holda boshqarish, yengil tan jarohati yetkazish, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik va transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar tashkil etadi.

Xususan, ma’muriy sudlar tomonidan transport vositalarini mast holda boshqarish hamda transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 16 517 nafar shaxsga nisbatan 16 266 ta ish ko‘rib tamomlangan.

Ma’muriy sudlar tomonidan 107 615 ta ish, ya’ni barcha ishlarning 57,5 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy sudi Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 1721 ta shikoyat va protest ko‘rib chiqildi, shundan 324 tasi ish materiallari asosida o‘rganilib, quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarning 177 tasi bekor qilindi va 30 tasi o‘zgartirildi.