O‘zbekiston prezidentining kuyovi Otabek Umarov Tesla avtomobilida tezlikni oshirgani uchun 1,8 mln so‘m miqdorida jarima to‘ladi. Bu haqda u o‘zining Instagram-sahifasida ma’lum qildi.

19 iyulda tuzilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma fotosuratidan ko‘rinib turibdiki, Otabek Umarov Yo‘l harakati qoidalarining 78-bandini (aholi punktlarida transport vositalarining tezligini soatiga 70 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda esa soatiga 30 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi) buzgan.

Jarima Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−3-moddasi 3-qismi (transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborishi, — eng kam ish haqining to‘qqiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi) bo‘yicha tayinlandi.

Juma kuni «Ozodlik» radiosi avvalroq Otabek Umarovning Instagram-akkaunti Stories bo‘limida joylashtirilgan videoni e’lon qilgan edi. Videoda uning Tesla avtomobili tezligini soatiga 201 km/soatgacha chiqargan.

Fotosuratga prezident xavfsizlik xizmati rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatuvchi Otabek Umarov jurnalistlar va blogerlar real hayotda bor muammolarni ko‘tarib chiqarayotgani ta’kidlab, buni mamlakat prezidenti ilgari surayotgan ochiqlik siyosati va so‘z erkinligi bilan bog‘lagan.

«Sizlar jamiyatda ro‘y berayotgan voqealarga befarq emasligingiz, odamlarning mavqei va lavozimidan qat’i nazar tanqid qilayotganingiz bizni o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashga va tartibga rioya qilishga chaqiradi. Bugunoq barcha jarimalar to‘landi. Qonun barcha uchun barobar!» — deb yozdi Otabek Umarov.

U mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jonkuyar xodimlariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.