15 iyul kuni istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha «Taraqqiyot» respublika tanlovining final bosqichi natijalari e’lon qilindi, deya xabar berdi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Tanlovda ishtirok etish uchun maxsus veb-portalda respublika bo‘yicha 8334 nafar talabgor ro‘yxatdan o‘tib, so‘rovnoma to‘ldirdi. So‘rovnomalar tanlov nominatsiyalari bo‘yicha shakllantirilgan ishchi guruhlar tomonidan o‘rganib chiqildi, natijada 4509 nafar ishtirokchi tanlovda qatnashish uchun belgilangan talablariga javob bermasligi aniqlandi, 3825 nafar ishtirokchi tanlovda ishtirok etishga tavsiya etildi.

Tanlovning 1-tur onlayn test bosqichi natijalariga ko‘ra 2455 nafar, 2-tur onlayn test bosqichi natijalariga ko‘ra esa 1356 nafar ishtirokchi navbatdagi bosqichga tavsiya etildi. 2018 yilning 16 dekabr kuni tanlovning axborot-tahliliy material (doklad) tayyorlash bosqichi o‘tkazildi. Bosqich natijalariga ko‘ra, qarorga muvofiq 300 nafar ishtirokchi tanlab olindi va navbatdagi bosqichga tavsiya etildi.

Tanlov g‘oliblarini aniqlashda tanlov komissiyalari tarkibida O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimlari, Davlat boshqaruvi akademiyasi professor-o‘qituvchilari ham ishtirok etdi. Tanlovning yakuniy bosqichi natijasiga ko‘ra 50 nafar g‘olib va 100 nafar finalchi aniqlandi.

Tanlovning final bosqichida baholash mezonlari sifatida quyidagi kompetensiyalar belgilandi: boshqaruv professionalizmi, liderlik qobiliyati, tizimli fikrlash salohiyati, o‘zgarishlarga moslashuvchanlik. Final bosqichi g‘oliblari tanlovning taraqqiyot-tanlov.uz rasmiy saytida e’lon qilindi.

Tanlovning 50 nafar g‘oliblariga eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida, final bosqichida ishtirok etgan 100 nafar ishtirokchilariga eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanadi. Shuningdek, tanlov g‘oliblari tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi va tanlovning tegishli nominatsiyalari bo‘yicha rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida stajirovka o‘taydi, tanlov final bosqichining qolgan ishtirokchilari tegishli davlat tashkilotlarining boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi.