2019 yil 9 iyul kuni «Yoqilg‘i-energetika sohasida o‘zaro hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Farmonga muvofiq, 2019 yil 1 avgustdan tabiiy gazni va elektr energiyasini sotishdan tushadigan mablag‘lardan Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratmalar, qo‘shilgan qiymat va aksiz solig‘ini chegirib tashlab, 5 foiz miqdorda amalga oshiriladi.

Ilgari tushgan mablag‘larning 10 foizi o‘tkazilgan.

2019 yil oxirigacha Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanganlar soni 2,5 mlnga yetkaziladi hamda 2020 yil oxirigacha 100 foiz iste’molchilar tizimga ulanadi.

Buning uchun jamg‘arma mablag‘laridan 100 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

2020 yil 1 yanvardan prokuratura organlari xodimlari bir qismining ta’minoti jamg‘armadan Davlat byudjetiga o‘tkaziladi.