Katta Farg‘ona kanalidakichik GESlar kaskadining ishga tushirilishi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda «O‘zgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati va tegishli vazirliklar, gidroenergetika tizimidagi nufuzli qurilish korxona va tashkilotlari, viloyat va tuman rahbariyati, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ul xodimlari, faxriylar hamda yoshlar vakillari, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim, «Dong Fan Elektric» kompaniyasi vitse-prezidenti Syuy Szyun ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Marosimda O‘zbekistonda keyingi ikki yilda barcha sohalarda islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilgani, ochiq iqtisodiy siyosat samarasi o‘laroq O‘zbekiston iqtisodiyoti jahonga dadil yuz tutayotgani va jahon iqtisodiyoti yurtimizga jadal kirib kelayotgani va buning samaralari haqida so‘z yuritildi.

— Butun dunyoda yonilg‘i-energetika resurslari katta muammoga aylanib borayotgan bugungi kunda mazkur inshootning barpo etilishini katta ijtimoiy, iqtisodiy, joiz bo‘lsa, siyosiy ahamiyatga ega voqea deb baholasak, mubolag‘a bo‘lmaydi, — dedi Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. — Bundan roppa-rosa sakson yil muqaddam qurib bitkazilgan Katta Farg‘ona kanalidan qariyb bir asr mobaynida qancha suv oqib o‘tganini tasavvur qilish qiyin. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deyilganidek, biz bu kanaldan faqat sug‘orish va ichimlik suvi manbai sifatidagina foydalanib keldik. Prezidentimiz tashabbusi bilan bu boradagi turg‘unlikdan chiqish vaqti keldi va biz mazkur GES misolida bunga ishonch hosil qilib turibmiz. Uchqo‘rg‘on hududidan katta-kichik 8 ta daryo va kanallar o‘tgan, ularda o‘nlab shunday loyihalarni amalga oshiramiz va beminnat yoqilg‘i, yonilg‘i talab qilmaydigan energetika manbalari hisobiga viloyatimizni yanada obod va farovon qilamiz.

Shuningdek, «O‘zgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati apparati rahbari S.Hamroyev, «Dong Fan Elektric» kompaniyasi vitse-prezidenti Syuy Szyun yig‘ilganlarga kichik GESlar kaskadining qurilishi va bugungi kundagi ahamiyati hamda ayni paytda mamlakatda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Prezidentning 2017 yil 2 maydagi «2017−2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida barpo etilgan Katta Farg‘ona kanali kichik GESlar kaskadining umumiy quvvati 12 MVtga teng bo‘lib, yiliga 72,89 million kVt.soat elektr toki ishlab chiqaradi. Bu esa Uchqo‘rg‘on tumanidagi 48 ming xonadonni uzluksiz ekologik toza va qayta tiklanuvchi elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.

Loyihaning umumiy qiymati 31 million dollar bo‘lib, shundan 22,3 million dollari «O‘zgidroenergo», qolgan qismi esa Xitoy Xalq Respublikasining «Eksimbank"i tomonidan moliyalashtirildi. Har biri 6 MVt quvvatga ega ikkita kichik GESdan iborat kaskad Katta Farg‘ona kanalining PK 142 to PK 184 hududida barpo etildi. Kaskadga suv boruvchi kanalning ikki qirg‘og‘ida 3 ming tupdan ziyod mevali va manzalari daraxt ekilib, obodonlashtirildi.

Rasmiy ochilish marosimidan so‘ng ramziy tugma bosilib, kichik GESlar kaskadi ishga tushirildi va eng ilg‘or texnologik uskunalar yordamida gidroenergetik inshoot dastlabki kilovattlarni ishlab chiqara boshladi.