Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasida O‘zbekistonda dastlabki innovatsion virtual tergov poligoni bunyod etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Virtual tergov poligon barpo etilishida bevosita Qashqadaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari Rossiya Federatsiyasining «Fundamentalnыye sistemы analiza» kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda, sertifikatlangan hodisa joyini virtual ko‘zdan kechirish dasturiy ta’minoti yaratildi hamda ushbu dastur zamonaviy «VR OSULUS» uskunalariga o‘rnatildi.

Innovatsion virtual tergov poligonida o‘rnatilgan dasturiy ta’minot istalgan hodisa joyining modelini yaratish imkoniyatiga ega bo‘lib, tergovchi yoki surishtiruvchi virtual tarzda hodisa sodir bo‘lgan joyni ilmiy va nazariy asoslangan holda ko‘zdan kechirib, amaliyotda yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan xatolarni bartaraf etish ustida ishlash imkoniyatini beradi.

Texnologiyalar imkoniyatidan foydalanib, o‘rganuvchi mashg‘ulot xonasida virtual holatda hodisa sodir bo‘lgan joyni real vaqt va sharoitda ko‘zdan kechiradi. Uning harakatlari kompyuterda tahlil qilib boriladi va mashg‘ulot ishtirokchisi o‘z xatosini to‘g‘rilamagunga qadar tizim tomonidan keyingi bosqichga o‘tish imkonini bermaydi.

Shuningdek, o‘rganuvchi mazkur dastur doirasida o‘z harakatlarini elektron tarzda bayonnomada rasmiylashtirish, mashg‘ulot doirasida tuzilgan test savollariga javob berish hamda mavzuga doir adabiyotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega.

Innovatsion dasturning yana bir afzallik jihati shundaki, u nafaqat tergov balki, jinoyat qidiruv va ekspert-kriminalistika xodimlarini ham malakasini oshirish, amaliy ko‘nikmalarini boyitish uchun xizmat qilishi mumkin. Sohada yaratilgan mazkur virtual poligon tizimda xizmat qiluvchi xodimlarning innovatsion yondashuv asosida kasb mahoratini oshirishda yangi bosqich bo‘lib hisoblanadi.