Vazirlar Mahkamasi 25-iyunda “O‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 522-son qarorni qabul qildi. Unga muvofiq, 2020-yil 1-yanvardan boshlab barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar elektron hisobvaraq-fakturalarni to‘ldirishlari shart, deya xabar qildi Norma.uz.

DSQ manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Chirchiq shahri, Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hududida 2018-yil noyabr — 2019-yil iyun oylarida elektron hisobvaraq-fakturalarni (EHF) rasmiylashtirish bo‘yicha tajriba o‘tkazdi. Uning natijalari ma’qullanib, hukumat qarori bilan:

  • 2019-yil 1-iyuldan boshlab EHFdan foydalanish ixtiyoriy, 2020-yil 1-yanvardan boshlab esa majburiy ekanligi belgilandi;
  • DSQ huzuridagi “Yangi texnologiyalar” davlat unitar korxonasi elektron hujjatlarni markazlashtirilgan holda saqlash, operatorlararo uzatish va hisobini yuritish bo‘yicha vakolatli rouming operatori etib belgilandi;
  • O‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom (1-ilova) tasdiqlandi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 26-iyundan kuchga kirdi.