Bugun O‘zbekiston professional futbol ligasida navbatdan tashqari yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidan Ravshan Ermatov, Avaz Maksumov, Shoakram Isroilov hamda O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligidan Oybek Qosimov ishtirok etdi.

Yig‘ilishda bosh direktor sifatida faoliyat yuritib kelgan Omon G‘ofurovning tashkilot rahbarligidan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozganidan so‘ng Professional futbol ligasiga yangi rahbar tayinlash masalasi ko‘rildi.

O‘zPFL ustaviga ko‘ra, O‘zPFL ijroiya qo‘mitasi a’zolari tashkilot bosh direktorini tasdiqlashi lozim. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL bosh direktori lavozimiga futbol sohasida uzoq yillar mobaynida faoliyat olib borib tajriba to‘plagan Davron G‘ayratovich Shoqurbonov nomzodi tavsiya etildi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan Ravshan Ermatov Professional futbol ligasining milliy futboldagi eng muhim bo‘g‘inlardan biri ekanini ta’kidlab, O‘zPFLning oldingi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi va ushbu mas’uliyatli davrda ish boshlayotgan yangi rahbarga omad tiladi. O‘zPFL Ijroiya qo‘mitasi qaroriga qadar Davron Shoqurbonov O‘zPFL bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Davron Shoqurbonov 1972 yil tavallud topgan. Ma’lumoti — oliy. Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. Turli yillarda Toshkent shahar futbol federatsiyasida mas’ul kotib, shuningdek, «Bunyodkor» klubida texnik va sport direktori lavozimlarida faoliyat olib borgan.