15 iyun kuni Qarshida 24 yoshli ayol A. N. chaqalog‘ini 1000 dollar evaziga sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi, deya xabar qildi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Ayol 28 yoshli F. M. bilan 10 kunlik chaqalog‘ini 1000 dollarga sotish bo‘yicha kelishadi. Mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

IIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, yil boshidan buyon bolalarni sotish bo‘yicha eng kamida sakkizta holat to‘g‘risida xabar qilindi.

Yanvarda Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani Ahmad Yugnakiy mavzesida uch oylik o‘g‘lini 300 dollarga sotmoqchi bo‘lgan Uchtepa tumanida istiqomat qiluvchi G. P. va uning tanishi P. G. Qo‘lga olingan edi.

Fevralda esa shu kabi ikkita holat qayd etildi. Xorazm viloyatida perinatal markazi hamshirasi N. Yu. yangi tug‘ilgan chaqaloqni tanishiga 1,7 mln so‘mga sotishga harakat qilgan bo‘lsa, Xatirchi tumanida istiqomat qiluvchi Z. S. uch yoshli o‘g‘lini 8 mln so‘m va 100 dollarga sotmoqchi bo‘ldi.

Mart oyida ham bolalar savdosi bo‘yicha ikkita holat to‘g‘risida xabar qilindi. Toshkentning Uchtepa tumanida Samarqand viloyatidan kelgan 25 yoshli ayol Sh. O. uch oylik o‘g‘lini 8000 dollarga sotayotganda ushlandi. Navoiy viloyatining Karmana tumanida esa 38 yoshli F. A. yangi tug‘ilgan o‘g‘lini 5 mln so‘mga sotmoqchi bo‘ldi.

Aprel oyida Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidan muqaddam sudlangan X. U. mart oyida tug‘ilgan o‘g‘lini 4 mln so‘m evaziga sotishga qaror qiladi. Kelishilgan mablag‘ning 1 mln so‘mini olayotgan vaqtda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan uning urinishiga chek qo‘yildi.

Gulistonda esa may oyida opa-singillar A. B. va L. B. yangi tug‘ilgan qiz chaqaloqni 2 mln so‘mga sotayotganda qo‘lga olindi.

Iyunda Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida 23 yoshli M. Z. ma oyida tug‘ilgan o‘g‘lini 5 mln so‘m evaziga sotayotganda ushlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilda O‘zbekistonda 305 ta odam savdosi holati qayd etildi. Mazkur jinoyatni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilganlar orasida ayollar to‘rt marta ko‘proqni — 83 o‘rniga 322 nafarni tashkil etdi. Ushbu davr mobaynida 72 bola, jumladan 61 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloq odam savdosi qurboniga aylandi.