Qosim-Jomart Toqayev Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishi kerak bo‘lsa, referendum o‘tkazilishiga va’da berdi, deya xabar qildi Tengrinews.kz.

«Hozircha atom elektr stansiyasini qurish rejalashtirilayotgani yo‘q. Kerak bo‘lib qolsa, u holda albatta xalq bilan muhokama qilinadi. Kerak bo‘lsa referendum o‘tkazamiz. Qozog‘iston yadro qurolini tarqatmaslik harakati yetakchisi sifatida tan olingan, birinchi prezidentimiz Nursulton Nazarboyevning tarixiy qarori sharofati bilan Semipalatinskiydagi yadro poligoni yopildi», — dedi Qosim-Jomart Toqayev Oqo‘rda qarorgohida.

Aprel boshida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya-Qozog‘iston muzokaralari yakunlari bo‘yicha Rossiya Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurishni taklif etgan edi. O‘shanda Qozog‘iston energetika vaziri Magzum Mirzagaliyev jurnalistlarga Olma Ota viloyatidagi Ulken shaharchasi AES qurilishi mumkin bo‘lgan maydoncha sifatida tanlab olinganini ma’lum qilgan edi.

Qozog‘istonda 1973 yilda Kaspiy dengizisining sharqiy sohilidagi Shevchenko (hozirda — Oqtov) shahrida dunyodagi birinchi BN-350 tezkor neytronlarida ishlovchi 350 megavatlik energoblok ishga tushirilgan edi. Reaktor quvvatining bir qismi elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflangan bo‘lsa, bir qismidan dengiz suvini tuzsizlantirishda foydalanilgan. Mazkur energoblok 1998 yilda — loyihaviy muddatidan 5 yil o‘tib to‘xtatildi.