Gollandiyaning Halal Correct Certification BV kompaniyasi delegatsiyasi tashrifi yakunlari bo‘yicha Namangan viloyatida Halal Correct Certification Uzbekistan kompaniyasi tashkil etildi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Korxona O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq ravishda mahsulotlarga Halal, Organic va Global GAP sertifikatlarini taqdim etish bo‘yicha laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazadi.

Halal Correct Certification BV kompaniyasi Yevropa va dunyoning boshqa mintaqalarida kushxonalar va oziq-ovqat sanoati korxonalarini sertifikatlashtiradi va halol mahsulotlarni ishlab chiqarishda tegishli jarayonlarni qo‘llash sohasida tan olingan ekspert hisoblanadi, deyiladi TIV xabarida.

Muzokaralarda ta’kidlanganidek, halol mahsulotlarni ishlab chiqarish nafaqat hududlarda, balki butun respublikada qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish uchun istiqbolli imkoniyatlarni taqdim etadi va tashqi bozorlarga chiqishga sharoit yaratadi.