O‘zbekiston Bosh prokuraturasi O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupovga nisbatan qiynoq qo‘llanilganini rad etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

10 may kuni Said-Abdulaziz Yusupov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan va DXX tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.

12 may kuni DXX Tergov boshqarmasi tomonidan S.Yusupov jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Respublika Sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali tomonidan o‘tkazilgan 16 maydagi xulosasida, S.Yusupovda qon-tomir kasalligi aniqlangan bo‘lsada, ayblanuvchining salomatligi holati unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasini qo‘llanilishi va tergov harakatlarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmasligi ko‘rsatilgan.

7 iyun kuni ayblanuvchi S.Yusupovning onasi J.Bakayeva Bosh prokuratura rahbariyati qabulida bo‘lib, tergov jarayonida o‘g‘li jismoniy qiynoqqa solinayotganligi haqida murojaat qilgan va o‘g‘lini uning himoyachisi ishtirokida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni so‘ragan.

8 iyunda Bosh prokuratura tomonidan himoyachi A.Shaymardonov va tergov ustidan nazorat olib boruvchi prokuror D.Raxmatullayev ishtirokida mutaxassis-shifokorlarni jalb qilgan holda ayblanuvchi S.Yusupov tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, uning tanasida biron-bir tan jarohati yoki qiynoq alomatlari aniqlanmadi.

S.Yusupov o‘z himoyachisi A.Shaymardonov ishtirokida ixtiyoriy bergan yozma tushuntirishida unga nisbatan tergov jarayonida hech qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiqlar o‘tkazilmaganligini, hozirda kasalligi bo‘yicha tegishli dori vositalari va tibbiy muolajalarni o‘z vaqtida olayotganligini bildirdi.

May oyida sentyabrda yozilib, ukasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videomurojaatda Said-Abdulaziz Yusupov: «Agarda ushbu murojaatim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bo‘lsa men hibsda yoki Vatandan tashqarida va yoki Xudo ko‘rsatmasin baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan bo‘laman», — deydi.