GM Uzbekistan kompaniyasi yangi arzon avtomobil modellarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni rejalashirmoqda. Bu haqda juma kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda “O‘zavtosanoa” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Rustam Yusupov ma’lum qildi.

“Bugun korxona yengil avtomobillarning barcha segmentini qamrab olishga intilmoqda. Biroq asosiy e’tibor, baribir, arzon avtomobillar ishlab chiqarishga qaratiladi. Hozirda ko‘proq talabgir bo‘luvchi modellarni ishlab chiqarish ustida ish olib bormoqdamiz”, — dedi u.

Rustam Yusupov ayni paytda ishlab chiqarishga tayyorlanayotgan modellarning butkul yangi modellar bo‘lishini qayd etib o‘tdi.

“Ularni tayyorlash bugun ishlab chiqarilayotganlari bilan parallel ravishda boshlanadi. Biroq korxona ushbu rejalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishi uchun katta miqdordagi invesitsiyalar kerak”, — deya qo‘shimchi qildi strategik rejalashtirish direksiyasi boshlig‘i Rustam Qodirov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin 5 yillikda narxi 10 ming dollar atrofida bo‘lgan arzon avtomobillar va 15 ming dollar atrofidagi krossoverlar ishlab chiqariladi.

2030 yilga qadar mo‘ljallangan O‘zbekiston avtosanoatini rivojlantirish Konsepsiyasi ishlab chiqilgan bo‘lib, yaqin vaqtlarda ushbu konsepsiya internetda muhokama uchun e’lon qilinadi.

“Mazkur konsepsiyada 2 ta tendensiya hisobga olingan: birinchi 5 yillikda narxi 10 000 AQSH dollari atrofida bo‘lgan arzon avtomobillar ishlab chiqarilishiga e’tibor qaratiladi, chunki shu toifa transport vositalariga talab yuqori bo‘ladi. Dunyo tajribasidan ma’lumki, krossover, ya’ni yo‘ltanlamas avtomobillarga qiziqish va ehtiyoj yil sayin oshib bormoqda. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda birinchi 5 yillikdan keyin yangi tendensiya boshlanishini taxmin qilyapmiz: kelgusida O‘zbekistonda narxi 15 000 AQSH dollari atrofida bo‘lgan krossoverning kichikroq modellarini ishlab chiqarishga e’tibor qaratiladi”, — dedi Rustam Qodirov.

Muloqot davomida premium segmentda Chevrolet Equinox krossoveri, Chevrolet Trailblazer yo‘ltanlamas va Chevrolet Traverse oilaviy krossoveri ishlab chiqarilishi joriy yilning oxirigacha boshlashni rejalashtirilayotgani bildirildi.

“O‘zavtosanoat” mutasaddilarining aytishicha, premium segment O‘zbekisonda katta talabga ega emas, hatto avtokonsern umumiy hajmining 10 foizini ham tashkil etmaydi, chunki hammaning ham bunday avtomobil sotib olishga qurbi yetmaydi.

“Shu yilning oxirida, ehtimol dekabrda yoki keyingi yilning boshida 3 ta yangi model ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, — dedi Rustam Qodirov. — Ularning hajmi kam bo‘ladi. Biz talabdan kelib chiqib, ish tutamiz. Sotib olinmaydigan minglab Trailblazer ishlab chiqarishning nima keragi bor? Bozorga qancha mashina kerak bo‘lsa, shuncha chiqaramiz”.

Uchrashuvda O‘zbekiston MDH davlatlari ichida Rossiyadan keyin ikkinchi eng katta bozor ekani qayd etildi. Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Ukraina esa O‘zbekistonning asosiy eksport bozorlari sifatida tilga olindi.

Shuningdek, Rustam Qodirov O‘zbekiston avtobozorida minilgan eski avtomobilni topshirib, yangisini olib ketish mumkin bo‘lgan trade-in amaliyoti tatbiq etilishini ma’lum qildi.

“Mamlakatimizda avtomobillardan foydalanish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi rejalashtirilmoqda, — dedi Rustam Qodirov. — Masalan, sizning moshinangiz bor, 3−5 yoki 10 yil mingansiz, uni yangilamoqchisiz. Lekin yangi moshina sotib olish uchun pulingiz kamroq bo‘lishi mumkin. Siz eski, ya’ni hozir minib yurgan moshinangizni dillerga borib topshirasiz-da, yangi avtomobil o‘rtasidagi farqni to‘lov qilasiz, almashtirib ketaverasiz, yangilab olasiz”.

Qayd etilishicha, bu yangi avtomobillar savdosini kuchaytiradi. Shuningdek, aholi ixtiyoridagi avtomobillar parkini yaxshilash imkonini beradi.