Toshkent shahrida olib borilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari natijasida, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan 1815 nafar fuqaroning 219,7 mlrd so‘m qat’iy belgilangan soliq va moliyaviy jarima bo‘yicha mavjud qarzi hisobdan chiqarildi. Bu haqda Toshkent DSB matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi farmoniga asosan, Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan vaqtincha faoliyat yuritmay turgan yoki qayta ro‘yxatdan o‘tib tadbirkorligini davom ettirish ehtimoli mavjud bo‘lgan soliq to‘lovchilarning soliq qarzlarini hisobdan chiqarish choralari amalga oshirilmoqda. Xususan, joylarga chiqqan holda fuqarolar bilan uchrashib, ularga faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha tushuntirishlar berilmoqda.

Jumladan, 2012 yilda Uchtepa tumanida nooziq-ovqat chakana savdosini yo‘lga qo‘ygan Alijon Yunusaliyev qisqa vaqtda o‘z ishini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Boisi, 2013 yilda soliq qonunchiligini buzgan tadbirkorga nisbatan 187 mln so‘mdan ziyod moliyaviy jarima qo‘llanilgan edi.

«Tajribasizligim tufayli dastlab, ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olmadim, — deydi A.Yunusaliyev. — Natijada, bir qator xatolarga yo‘l qo‘ydim va alaloqibat qarzga botdim. O‘shandan beri, yangi ish boshlash istagi va qarzlarni qanday to‘lashim haqidagi o‘ylar tinchlik bermay yurgandi. Soliq idoralari xodimlari prezidentimiz farmoni asosida faoliyatimni tiklasam, mavjud qarzlarim hisobdan chiqarilishini aytishganida tadbirkorlikka bo‘lgan ishtiyoqim yanada oshdi. Endilikda, yuklarni avtomobil transportida tashish faoliyati bilan shug‘ullanib, tadbirkorlikni davom ettirib kelyapman».

Toshkent DSB matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda Uchtepa tumanidagi 524 nafar fuqaro tadbirkor sifatida faoliyatini tikladi va ularning 39,3 mlrd so‘mlik qarzlaridan voz kechildi.

Shuningdek, poytaxtning Olmazor tumanida Olmazor tumanida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, yog‘och o‘ymakorligi faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan Fazliddin Hamidov tadbirkorlikning qonun-qoidalarini yaxshi tushunmaganligi sababli soliqdan 689 mln so‘m qarz bo‘lib qoldi. Ishni endi boshlagan tajribasiz tadbirkorda bunday katta qarzni to‘lashga yetarli mablag‘ yo‘q edi. Shu bois faoliyatini to‘xtatib, tirikchilikning boshqa yo‘llarini qidira boshladi. Ya’ni, boshqa bir ustaxonaga ishchi bo‘lib kirdi.

«Ana shunday kunlarda soliq idoralari xodimlari kelib, agar tadbirkor sifatida faoliyatini qayta tiklasa Prezidentimiz Farmoni bilan soliq qarzlaridan voz kechilishini aytishdi. U shu kunning o‘zidayoq faoliyatini qayta tikladi va ayni paytda tadbirkorlik faoliyatini davom ettirib, yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda», — deyiladi xabarda.

Bugungi kunda, Olmazor tumanida turli sabablar bilan moliyaviy jarima qo‘llanilgan va faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan 229 nafar tadbirkor o‘z faoliyatini qayta tiklagan va ularning 80 mlrd so‘mdan ziyod soliq qarzi hisobdan chiqarilgan.

DSB turli sabablarga ko‘ra moliyaviy jarimaga tortilgan fuqarolarni joriy yilning 1 iyuliga qadar qarzdorlikni hisobdan chiqarish va tadbirkorlik faoliyatini tiklashga chaqirdi.