Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston lokototivlar parkini yaxshilash uchun 170 mln dollar miqdorida qarz ajratilishini tasdiqladi, deya xabar berdi bank matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Mazkur mablag‘lar 24 dona «ultrazamonaviy elektr lokomotivlari"ni sotib olishga yo‘naltiriladi.

Yangi lokomotivlarning temir yo‘l tizimlari samaradorligini oshirish, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlarining yanada toza, ishonchli va samarali bo‘lishini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.

24 ta lokomotivning 16 tasi yuk poyezdlari, 8 tasi esa yo‘lovchi poyezdlari uchun optimallashtirilgan. Ushbu lokomotivlar yiliga atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlari miqdorini 900 ming tonnagacha kamaytirish hamda mahalliy darajada havoning ifloslanishini kamaytirishga yordam beradi.

Toshkentdagi «O‘zbekiston» lokomotiv deposi yangi lokomotivlarga samarali xizmat ko‘rsatilishi uchun modernizatsiya qilinadi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi mamlakat transport ehtiyojlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini amalga oshirmoqda, deya qayd etdi OTB matbuot xizmati.

Loyihaning umumiy qiymati 218,3 mln dollarni tashkil etib, O‘zbekiston hukumati tomonidan 48,3 mln dollar ajratilmoqda. Loyihaning 2025 yil iyunida tamomlanishi kutilmoqda.