«O‘zbekneftgaz» va Socar (Ozarbayjon) kompaniyalari Qashqadaryo viloyatida neft qazib olish hajmini oshirish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi, deya xabar qildi «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati.

Kelishuv Ozarbayjon kompaniyasining ilg‘or texnologiyalaridan foydalangan holda G‘arbiy Toshli va Sharqiy Toshli, Shimoliy Sho‘rtan va Garmiston konlarida uglevodorod qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha hamkorlik shartlarini belgilab beradi.

Bundan tashqari, «O‘zbekneftgaz», Socar va Britaniyaning BP kompaniyalari Ustyurt hududidagi uchta investitsion blokda razvedka salohiyatini baholash bo‘yicha uch tomonlama kelishuv imzoladi.

Bir yil davomida kompaniyalar muzokaralar olib borib, respublika investitsion bloklari bo‘yicha materiallarning dastlabki tahlillarini o‘tkazdi. Kelishuvning tuzilishiga 2018 yilda o‘tkazilgan Oil&Gas Uzbekistan anjumanida imzolanan o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi uch tomonlama memorandum asos bo‘lib xizmat qildi.