O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 may kuni Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidentini tavallud kuni bilan tabriklab, mustahkam sog‘lik va davlat xizmatidagi faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.

Oliy darajadagi muntazam va samarali muloqotlar O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining jadal rivojlanishi va izchil mustahkamlanib borishiga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Qosim-Jomart Toqayevning joriy yil aprel oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalaridagi amaliy hamkorlik, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar ochgani alohida ta’kidlandi.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Suhbat so‘ngida Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jomart Toqayevga joriy yil 9 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan Qozog‘iston prezidenti saylovi muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.