Farg‘onada ko‘rshapalak uyasini saraton kasaliga davo deb, 15 ming 300 dollarga sotib, firibgarlik qilgan shaxsga sud hukmi bilan 6 yilu olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qo‘qon shahrilik O. Soliyev (ism familiyasi o‘zgartirilgan) firibgarlikka qo‘l urgani uchun sud hukmi bilan 6 marta sudlanib, ozodlikdan mahrum qilinib, jazoni o‘tagan bo‘lsa-da, tegishli xulosa chiqarmadi.

O. Soliyev qanday qilib bo‘lsa ham «mo‘may pul» topib, kun kechirishni afzal bildi. U internet orqali ko‘rshapalak uyasi saraton kasaliga shifo bo‘lishi haqidagi xabarlarni o‘qib, soxta uya yasab, sotishni o‘ylab qoldi va buni uddasidan chiqdi. Endi u xaridor topishni o‘ylay boshladi.

Qozog‘iston Respublikasidan notanish bir bola bilan telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali gaplashib, ko‘rshapalak uyasini narxini 100 ming AQSH dollar ekanini aytganda xaridor bu narxda qimmatligini bildirgan.

O. Soliyev 2018 yilning oktyabr oyi o‘rtalarida Uchko‘prik tumani Yoyilma qishlog‘ida jabrlanuvchi B.Mahkamov bilan uchrashib, unga Namangan viloyati Pop tumanidagi tog‘li hududlarda «ko‘rshapalak uyasi» borligini, u saraton kasalligiga shifo bo‘lishligini, agar istasa «ko‘rshapalak uyasi"ni 23 ming 300 AQSH dollariga sotishini aytib, uni aldaydi.

Ishonchga kirish maqsadida o‘zi tomonidan oldindan sement, ohak, alebaster va tuproqdan yasab qo‘yilgan noksimon shakldagi jismni «ko‘rshapalak uyasi» ekanligini, unga tillo buyumlar yopishishi, sarimsoq piyozdan esa qochishi haqida tayyorlangan yolg‘on videorolikni ko‘rsatgan.

O‘zi tomonidan tayyorlangan soxta «ko‘rshapalak uyasi"ni 5 litr hajmdagi yelim idish ichiga atrofini yaltiroq qog‘oz va paxta bilan o‘rab olib kelib, B.Mahkamovga ushbu modda ochilsa, uni bir sutka davomida tarkibi buzilib, ko‘rshapalak uyasi ichidagi «amrug‘» moddasi xususiyatini yo‘qotishini aytadi. Soxta «ko‘rshapalak uyasi"ni 15 ming 300 (125 million 583 ming 12 so‘m) qiymatdagi juda ko‘p miqdordagi pulga sotib, firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. Tergovga qadar tekshiruv davrida O.Soliyevdan «ko‘rshapalak uyasi» daliliy ashyo tariqasida olingan.

Sud ekspertiza xulosasiga ko‘ra, «ko‘rshapalak uyasi» qo‘ng‘ir rangli, qattiq inga o‘xshagan noksimon jismni ustki qavati sementdan, o‘rta qavati ohak moddasidan, ostki qavati tuproqdan iborat bo‘lib, sement, ohak va tuproq qurilish materiallari turkumiga kirishi aniqlangan.

Sudlanuvchi O. Soliyev jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2018 yilning 10 dekabr kuni sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini olish, tashish yoki o‘tkazish maqsadida jinoiy sheriklari sudlanuvchi A.Botirov va Qirg‘iziston fuqarosi A. Xudayqulov bilan oldindan bir guruhga birlashgan. Ular ko‘p miqdordagi jami 393 ta kasetadagi «lirika» dori vositalarini Qo‘qon shahar Afg‘onbog‘ ko‘chasi chorrahasiga o‘tkazish maqsadida tashib kelib, maxsus xaridorga 121 kasetada bo‘lgan «lirika» dori vositasini 3200 AQSH dollariga sotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchko‘prik tuman sudida O. Soliyev va A. Botirovning mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, ular O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining bir qator moddalari bilan aybli deb topilib, tegishli jazo tayinlandi.