Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Hujjat O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqildi. Qonun loyihasini ishlab chiqish to‘g‘risidagi topshiriq prezidentning 7 martdagi qaroridan o‘rin olgan edi.

Qonun loyihasi ayollarni turmushda, ish joylarida, ta’lim muassasalarida tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga, shuningdek tazyiq va zo‘ravonlik qurbonlarini huquqiy hamda ijtimoiy himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan. Ushbu qonun maqsadlari uchun 18 yoshga to‘lmagan ayol jinsiga mansub shaxslar ham ayol deb e’tirof etilishi keltirib o‘tilgan.

Hujjatda zo‘ravonlik turlari (ruhiy, jismoniy, jinsiy, iqtisodiy) aniqlab olinib, g‘ayriijtimoiy xulq-atvor, «qurbon», «tazyiq» tushunchalariga izoh berilgan.

Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosati quyidagilardan iborat ekani sanab o‘tilgan:

  • ayollarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash;
  • jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, oilaviy-maishiy munosabatlar sohasidagi qonuniylikni, shuningdek ish joylari va ta’lim muassasalaridagi munosabatlarni mustahkamlash;
  • turmushda, ish joylarida va ta’lim muassasalarida ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, o‘rganish va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;
  • turmushda, ish joylarida va ta’lim muassasalarida ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikni aniqlash, ularga chek qo‘yish va ularning oldini olish uchun samarali qonunchilik mexanizmlarini yaratish;
  • turmushda, ish joylarida va ta’lim muassasalarida tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlik sodir etishga moyil shaxslarning, shuningdek ayollarga tazyiq o‘tkazadigan va zo‘ravonlik sodir etadigan shaxslarning xulq-atvorini tuzatish yuzasidan tadbirlar amalga oshirish;
  • tazyiq va zo‘ravonlik qurbonlari bo‘lgan ayollarni himoya qilish, ularga yordam ko‘rsatish, reabilitatsiya qilish uchun asoslar yaratish hamda ayollar tazyiq va zo‘ravonlik qurbonlariga aylanish xavfini kamaytirish;
  • ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida turli institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlash.

Qurbonga yoki tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlik sodir etish xavfi ostidagi shaxsga ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi beriladi, zarurat tug‘ilgan taqdirda, ular maxsus markazlarga joylashtiriladi.

Hujjat muhokamasi 21 mayga qadar davom etadi.