13−15 may kunlari Turkmaniston orqali Eron hududidan janubi-g‘arbiy havo oqimi kirib kelishi munosabati bilan O‘zbekiston bo‘ylab yog‘ingarchiliklarsiz yozgi ob-havo hukmronlik qiladi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati O‘zgidromet ma’lumotiga tayanib xabar qildi.

Bu kunlari havo harorati o‘rtacha me’yoriy ko‘rsatkichdan 2−3 daraja baland bo‘ladi va kunduzi +28…+33, kechasi +15…+20 daraja atrofidagi tashkil etadi.

Payshanba va juma kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida Kaspiy dengizi hududidan salqin va nam havo oqimlari kirib kelishi sababli ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchiliklar kutilayotgani yo‘q.

Salqin va nam havo oqimlari shanba kuni butun respublikaga ta’sirini ko‘rsatishni boshlaydi — ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa yomg‘irlar to‘xtaydi. Havo harorati kechasi +15…+20 daraja atrofida bo‘lsa, kunduzi o‘rtacha me’yoriy ko‘rsatkich — +25…+30 darajaga qadar tushadi.