Ertaga olimpiada chempioni, bugungi kunda professional ringda faoliyat olib borayotgan Fazliddin G‘oibnazarov navbatdagi jangini o‘tkazadi. Bu haqda Olamsport.com xabar berdi.

Ushbu jangda bokschimizga amerikalik Maykl Foks raqiblik qiladi. Birinchi o‘rtayarim vazn toifasida o‘tkaziladigan bahs 10 raundga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Bugun mazkur jang oldidan vazn o‘lchash marosimi tashkil etildi. Unga ko‘ra, Fazliddin G‘oibnazarov 141,8 funt (63,9 kg), Maykl Foks esa 142 funt (64, 4 kg) tosh bosdi.

Ma’lumot uchun, Fazliddin shu kungacha prof ringda 7 ta jang o‘tkazgan va ularning barchasida g‘alaba qozongan (4 ta nokaut). Maykl Foks esa 20 marotaba ringga chiqib, 19 ta g‘alabaga erishgan (5 ta nokaut). U bir marotaba mag‘lub bo‘lgan. U faoliyatidagi yagona mag‘lubiyatni shu yilning fevral oyida boshqa bir o‘zbek bokschisi Shohjahon Ergashevdan qabul qilib olgan.

Fazliddin ishirokidagi jang ertaga, 12 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 6:00 dan so‘ng boshlanishi belgilab qo‘yilgan.