Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi «Hukumat soati"ga «Umumiy o‘rta ta’lim maktablari binolarini saqlash, sinfxonalari, darsliklar va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash holatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi masala kiritildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur masala bo‘yicha deputatlarga axborot berish va ularning savollariga atroflicha javob qaytarish uchun parlament quyi palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov taklif etildi.

Axborotda qayd etilganidek, bugungi kunda respublikadagi umumta’lim maktablarining jihozlanish darajasi 72 foizdan oshmaydi. Ular ham zamonaviy emas, bugungi kun talablariga to‘liq javob beradi, deb bo‘lmaydi. 50 foizi ma’nan va jismonan eskirgan. Shu jumladan, maktablarda jami 11 ming 468 ta komplekt kompyuter texnikalari mavjud bo‘lib, maktablarning bu boradagi ta’minlaganlik darajasi 72,1 foizga yetadi. 2018 yilda jami 1 716 ta umumta’lim maktabi zamonaviy kompyuter sinflari (interaktiv panel, proyektor, kompyuter, konditsioner) bilan ta’minlandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda 2020−2024 yillarda sport inshootlarini qurish-ta’mirlash va jihozlash dasturi loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda 2 302 ta umumta’lim maktabida sport zallari barpo etish, 9 446 ta sport zalini jihozlash nazarda tutilgan.

Prezidentning 2019 yil 29 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq, umumta’lim maktablarining ehtiyojidan kelib chiqqan holda, ularni qurish-ta’mirlash va jihozlash ishlarini 2030 yilga qadar to‘liq yakunlash belgilangan.

«Hukumat soati"da Umumta’lim muassasalari bitiruvchilari shahodatnomasini elektron raqamli imzo orqali tasdiqlash tizimi (attestat.uzedu.uz)ning yaratilgani, maktabning 1-sinflariga qabul qilish Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (qabul.uzedu.uz) orqali elektron tarzda amalga oshirilayotganligi ta’kidlab o‘tildi .

Parlament a’zolarining qayd etishicha, viloyatlar markazlari, ayniqsa, Toshkent shahridagi aksariyat maktablarda bitta sinfdagi o‘quvchilar soni belgilangan normativdan yuqori — 40 nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Bu sanitariya-gigiyena talablariga ham javob bermaydi. Qolaversa, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishida muayyan to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda.

Tadbirda deputatlar tomonidan ko‘tarilgan shu kabi ko‘plab masalalarni bartaraf etish yuzasidan Xalq ta’limi vazirligining aniq yondashuvi, istiqboldagi rejalari atroflicha bayon etildi.

Qizg‘in bahs-munozaralarga boy kechgan «Hukumat soati"da Xalq ta’lim vazirligiga umumiy o‘rta ta’lim maktablari binolarini saqlash, sinfxonalari, darsliklar, laboratoriya jihozlari hamda o‘quv anjomlari bilan ta’minlash holatini yanada yaxshilash chora-tadbirlarini ko‘rish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Ayniqsa, tizimda olib borilayotgan ishlarni yanada jonlantirish, sohada o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ta’lim-tarbiya jarayoniga ilg‘or uslublarni, xususan, individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish masalalari yuzasidan bir qator tavsiyalar berildi.

Sohaga oid barcha yutuq, kamchiliklar, dolzarb muammolar maorifchilar hamda parlament a’zolari tomonidan qizg‘in va amaliy ruhda muhokama etildi, aniq vazifalar belgilandi, kelgusida tadbirlar ijrosi ustida samarali parlament nazoratini olib borishga kelishib olindi.