O‘zbekiston bosh prokurori Otabek Murodov 4 may kuni Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida prokuratura organlarining 2018 yildagi faoliyati to‘g‘risida hisobot berdi. «Gazeta.uz» uning chiqishidagi asosiy jihatlarni keltirib o‘tadi.

Bosh prokuratura rahbarining qayd etishicha, hozirda prokuratura organlari faoliyatida asosiy urg‘u huquqbuzarliklar uchun jazolash emas, balki tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan.

Tadbirkorlik

Nazorat tadbirlari natijasida 15937 nafar tadbirkorga, shu jumladan, 2575 nafariga 603 mlrd so‘m kredit, 806 nafariga 18 ming gektar yer maydoni, 109 nafariga binolar ajratilishida, 443 nafariga litsenziya olishda, 8 900 nafariga boshqa masalalarda amaliy yordam ko‘rsatildi

17051 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi, to‘xtab qolgan 13335 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyati tiklanishiga erishildi.

Otabek Murodov tadbirkor huquqini buzish, tamagirlik va turli suiiste’molchiliklar uchrayotganini ta’kidladi. O‘tgan yilda tadbirkorlar huquqini buzish holatlari bo‘yicha 262 nafar mansabdor shaxslar intizomiy, 231 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi, 315 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Tadbirkorlar huquqini buzish bilan bog‘liq jinoiy holatlar asosan banklar (56 ta), kadastr (16), soliq, elektr va suv ta’minoti idoralari (12 tadan), hokimliklar (10) hisobiga to‘g‘ri keladi.

Masalan, Dehqonobod tuman hokimi o‘rinbosari Xasanov tadbirkor Turabovdan 120 gektar yer maydoni ajratish masalasini hal etish evaziga 6 ming dollar pulni pora tariqasida olgan vaqtida ushlanib, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etildi.Xufyona iqtisodiyotga qarshi kurash

Bosh prokurorning qayd etishicha, asosiy e’tibor yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda yil davomida 8146 ta huquqbuzarlik aniqlanib, 3392 ta ma’muriy va 4178 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ochilgan jinoyat ishlarining 617 tasi tadbirkorlar huquqlarining buzilishi, 1831 tasi mansab bilan bog‘liq jinoyatlar va 542 tasi pul mablag‘larining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq.

986 ta yashirin sexlar faoliyatiga chek qo‘yilib, 8,6 mlrd so‘mlik noqonuniy mahsulotlar olib qo‘yildi. Valyutaga oid jinoyatlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar jarayonida 9.8 mln dollar naqd xorijiy valyuta va 3,5 mlrd so‘m olib qo‘yildi.

Davlat byudjeti

Bosh prokuratura tadbirkorlarga litsenziyalar ajratish va imtiyozlar qo‘llash sohasidagi tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha ham ishlar olib bormoqda.

Dyudjet tushumlari ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirgan nazorat tadbirlari doirasida byudjetga 3,311 trln so‘mdan ortiq qo‘shimcha manba aniqlanib, 2,605 trln so‘mi undirildi.

Qishloq xo‘jaligi

Prokuratura organlari sa’y-harakatlari bilan noqonuniy foydalanilayotgan 33 ming gektar yer maydoni zaxiraga kiritildi.

2018 yil oktyabrida prezident prokuratura organlariga qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha hukumat kompleksiga, jumladan paxta xom-ashyosi va bug‘doy yetishtirish sohasida ko‘mak ko‘rsatish vazifasini topshirgan edi.

Bosh prokurorning so‘zlariga ko‘ra, hisobot davrida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 17378 tonna paxta xom ashyosini qo‘shib yozish holatlari aniqlanib, 61 mlrd so‘mlik mablag‘lar talon-toroj qilinishining oldi olindi.

Bu holatlar yuzasidan 111 nafar mansabdor shaxslar intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilib, 39 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Mazkur jarayonda paxta xom ashyosini talon-toroj qilishga qaratilgan yangi jinoiy sxemalar fosh etildi.

Misol uchun, Buxoro shahridagi «Tarozi klass» korxonasi rahbari Hujjatov va boshqalar paxta korxonalariga yetkazib berilgan elektron tarozilar sxemasini o‘zgartirib, tarozi tamg‘asini buzmasdan, «kalibrovka» qilish, ya’ni o‘lchov ko‘rsatkichini o‘zgartirish imkonini yaratishgan.

Bu esa, paxta xom ashyosini istagancha talon-toroj qilishga sharoit yaratib, tergovda ushbu sxema yordamida 1,185 mlrd so‘mlik 595 tonna paxta xom ashyosi talon-toroj etilgani aniqlandi.

Ijtimoiy soha

Nazorat tadbirlari doirasida 3076 nafar fuqaroning 3,5 mlrd so‘mlik oylik ish haqlari, 1456 fuqaroga 867 mln so‘mlik pensiya va nafaqalar to‘lanishi ta’minlandi.

Tahlillar, ayrim idoralarda nogironligi bo‘lgan fuqarolar huquqlariga e’tiborsizlik holatlari mavjudligini ko‘rsatdi.

Bosh prokuror soliq, moliya, pensiya idoralari va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarida imtiyoz qo‘llanishi tahlil qilinmagan, ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilmaganini afsus bilan ta’kidlab o‘tdi. Misol uchun, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning mol-mulk va yer uchastkasiga soliq imtiyozlari qo‘llanishi ahvoli o‘rganilganida, 2944 nafariga imtiyoz qo‘llanmagani aniqlandi.

Fuqarolar murojaatlari

O‘tgan yilda kelib tushgan jami 477,5 mingta murojaatning 291,4 mingtasi bevosita prokuraturada ko‘rib chiqildi, 270,1 ming fuqaro qabul qilindi.

«Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari mutasaddi idoralarda murojaatlarga yuzaki munosabat, ko‘tarilgan masalani hal etmaslik holatlari mavjudligini ko‘rsatmoqda», — dedi bosh prokuror.

Masalan, Sergeli tumanidagi «Sputnik-4» mavzesida joylashgan 2 va 3-sonli yotoqxonalar turar joy toifasiga kirmaganligi sababli 134 ta xonadonda yashovchi 423 nafar fuqaro yillar davomida sarson bo‘lib, o‘zlari yashab kelgan joyiga egalik qila olmay kelgan.

Bosh prokuratura va Vazirlar Mahkamasi ishchi guruhlari real vaziyatni joyida o‘rganmoqda. Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va bosh prokuror Otabek Murodov hududlarga tashrif buyurgan vaqtda 200 dan ortiq hukumat topshiriqlari bajarilmaganini aniqladi.

O‘rganishlarda ayrim vazirlik va idoralar mutasaddilari tomonidan qonun talablarini buzish holatlari ham aniqlanib, 221 nafar mansabdor intizomiy jazoga tortildi, 13 nafar rahbar lavozimidan ozod qilindi.

Jinoyatchilikka qarshi kurash

Bosh prokuror jinoyatchilikka qarshi kurashda asosiy e’tibor oqibatlar bilan ishlashga emas, balki profilaktik va ogohlantirish choralariga qaratilmoqda.

Bosh prokuratura Akademiyasi huzurida jinoyat sabablarini tizimli tahlil qilish markazi tashkil etilib, jinoyat sabab va shart-sharoitlarini ilmiy jihatdan tadqiq qilish yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan yildan boshlab, jinoyat sodir etishga moyil hamda jinoyat qurboniga aylanish xavfi yuqori bo‘lgan fuqarolarni shartli ravishda 9 ta toifaga ajratib, profilaktik tadbirlar olib borildi.

Natijada bunday toifadagi shaxslardan 65,9 ming nafari ish bilan ta’minlandi, 24,7 ming nafar sudlanganlar ijtimoiy reabilitatsiya qilindi. Ko‘rilgan choralar natijasida o‘tgan yilda respublikada umumiy jinoyatchilik 33 foizga kamaydi. Mavjud 9022 ta mahalladan 2301 tasida yoki 25 foizida jinoyat sodir etilmadi.

2017 yilda respublikada jinoyatlar har 100 ming aholiga 228 ta to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 149 tani tashkil qildi.

Otabek Murodov hali oldinda ko‘plab dolzarb masalalar mavjudligini tan oldi. «Ayniqsa, xotin-qizlar, yoshlar, o‘quvchilar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar bizni jiddiy tashvishga soladi», — dedi bosh prokuror. O‘tgan yilda 7075 nafar ayollar, 17711 nafar yoshlar, 973 nafar o‘quvchilar jinoyatga qo‘l urgan.

«Eng og‘riqli masala, aksariyat qotillik va tan jarohati yetkazish jinoyatlari oila, turmush va maishiy munosabatlar zamirida sodir etilmoqda», — deya ta’kidladi u. 2018 yilda sodir etilgan 432 ta qotillik jinoyatining 160 tasi yoki har uchtadan bittasi, 3626 ta tan jarohati yetkazish jinoyatining 767 tasi yoki har beshtadan bittasi oila-turmush munosabatlari zamirida, oddiy kelishmovchiliklar natijasida kelib chiqqan.

«Aslida, bunday holatlarning oldini olish imkoni bor, lekin, oilalardagi kelishmovchiliklarni o‘rganish, nizolarni bartaraf etish borasida imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti», — deya ta’kidladi Bosh prokuratura rahbari.

O‘tgan yilda 110 nafar ruhiy kasalligi bor shaxslar tomonidan turli og‘ir qilmishlar sodir etildi. Bir misol, Shofirkon tumanida yashovchi 38 yoshli ruhiy kasal Kenjayev 78 yoshli otasining ustidan benzin sepib, tiriklay yoqib yuborgan. Kenjayev ruhiy kasal sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lsada, yillar davomida unga hech qanday tibbiy yordam ko‘rsatilmagan, xulq-atvori nazoratga olinmagan.

Hozirda Ichki ishlar vaziri bilan birga profilaktika masalalarini joyida o‘rganib, har bir hudud xususiyatidan kelib chiqib, vazifalarni belgilab olyapmiz.

Xususan, kriminogen vaziyati og‘ir hududlarda situatsion markazlar va qo‘shimcha patrul guruhlari tashkil etish, aholi gavjum joylarda tezkor chaqiruv tugmalari o‘rnatish, ichki ishlar tizimida psixolog, xotin-qizlar masalasi bo‘yicha inspektor lavozimlarini joriy qilish choralari ko‘rilmoqda.

O‘tgan yilda jinoyatlarni hisobdan yashirish bilan bog‘liq 1057 ta holat aniqlanib, 45 nafar xodimga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyatlarni hisobga olishda inson omilini istisno qiluvchi hamda qator vazifalarni innovatsion yo‘l bilan hal etish imkonini beruvchi «Elektron jinoiy-huquqiy statistika» axborot tizimi bu yildan boshlab ishga tushirildi.

Jinoyatlarning ochilishi

O‘tgan yilda prokuratura tezkor-tergov guruhlari tomonidan 421 ta qotillik jinoyati tezkor fosh etilishi, 626 ta bedarak yo‘qolgan shaxsning topilishi ta’minlandi.

Bevosita prokuratura organlari tomonidan 11121 ta jinoyat ishlari yuzasidan tergov o‘tkazilib, 5 043 tasi sudga yuborildi. Aniqlangan 1 trln. 927 mlrd. so‘m zarardan tergov davomida 1 trln 754 mlrd so‘mi yoki 91 foizi undirildi.

Shu bilan birga, 3737 ta jinoyat fosh etilmasdan qoldi. IIV bilan birgalikda joylarda tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan 3737 ta jinoyatning 985 tasi yoki 26 foizi fosh etildi.

Majburiy ijro byurosi

Majburiy ijro byurosi tomonidan energiya resurslari va ichimlik suvi uchun to‘lov intizomini mustahkamlash borasida ko‘rilgan choralar natijasida 28,1 trln so‘m yoki 2017 yilga nisbatan 11,6 trln so‘m ko‘p mablag‘ undirildi.

Sud hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida 16 trln 36 mlrd so‘m yoki 2017 yilga nisbatan 2 trln 67 mlrd so‘mga ko‘p qarzdorlik undirildi.

Albatta, bu natijalarga erishish oson kechmayapti, deya tan oldi bosh prokuror. Byuro tashkil topgandan hozirga qadar xodimlarga xizmat vazifasini bajarishga faol qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq 307 ta holat qayd etildi. Bu holatlar yuzasidan 128ta jinoyat va 105 ta ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan.

Xizmat vazifalarini bajarishda 4 nafarxodimimiz vafot etdi, 100 dan ortig‘i turli darajada tan jarohati oldi. Bunday og‘ir sharoitda ishlash va ish hajmi ko‘pligi sabab 4690 nafar xodim o‘z xohishiga ko‘ra ishdan ketdi.

Kadrlar siyosati

«Safimizni huquqbuzarlikka moyil, eskicha fikrlaydigan xodimlardan tozalash maqsadida 2182 nafar xodimga xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, 281 nafari (2017 yilda — 107) tizimdan bo‘shatildi», — dedi bosh prokuror.

Xizmat vazifalarini yetarli bajarmagan 1171(741) nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. Sodir etgan qilmishlari uchun 61(24) nafar xodimlar jinoiy javobgarlikka tortildi.

Nojo‘ya harakatlarning oldini olish va mas’uliyatni kuchaytirish maqsadida 1 438(944) nafar xodim rotatsiya qilindi, 10340 ta (3772) profilaktik tadbirlar tashkil etildi.

Ko‘rilgan choralar natijasida 82 ta holatda xodim pora taklif qilgan fuqarolar haqida xabar berib, korrupsiya holatlarini oldi olindi. Bu raqam 2017 yilga nisbatan 5 baravar ortiqdir.