O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma’ruza qildi.

Senat raisi o‘z so‘zida sug‘urta bozoridagi kamchiliklar haqida fikr bildirdi.

«Qonunchilikdagi bo‘shliqlar, ayrim vazirlik va idoralar mas’ullarining sovuqqonligi va e’tiborsizligi oqibatida milliardlab mablag‘lar mamlakat iqtisodiyoti rivojiga jalb etilmasdan, chetga chiqib ketmoqda.

Xususan, bundan 15 yil avval qabul qilingan va takomillashtirilmagan «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida"gi qonun sug‘urta bozoridagi zamonaviy talablarga javob bermay qolgan.

10 200 nafar professional ishtirokchi faoliyat ko‘rsatadigan sug‘urta bozorini Moliya vazirligi huzuridagi bor yo‘g‘i 6 nafar xodim ishlaydigan sug‘urta nazorati inspeksiyasi qo‘shtirnoq ichida «nazorat qilmoqda».

Mazkur tashkilot o‘z zimmasidagi vakolat hamda vazifalarini to‘laqonli amalga oshirish imkoniyatiga ega emas. U aksariyat hollarda tegishli hisobotlarni umumlashtirish bilangina shug‘ullanmoqda. Oqibatda mamlakat sug‘urta bozori nazoratdan deyarli chetda qolib ketmoqda. Bu esa, faqat o‘z manfaatlari yo‘lida ishlaydigan ayrim sug‘urta tashkilotlari va ularning rahbarlariga qo‘lkelmoqda.

Misol uchun, Qonun bilan berilgan imkoniyat, ya’ni sug‘urta tashkilotlarining o‘z majburiyatlarini mamlakatdan tashqarida qayta sug‘urta qilishi mumkinligidan foydalanib, mazkur tashkilotlar chet eldagi sug‘urta kompaniyalariga 2017 va 2018 yillarda 275 mlrd. so‘m yoki qariyb 33 mln. AQSH dollariga teng sug‘urta to‘lovlarini o‘tkazib bergan.

Chet el kompaniyalaridan mamlakatimiz sug‘urta tashkilotlariga qayta sug‘urtalash uchun kelib tushgan sug‘urtato‘lovlari esa, e’tibor bering, shu davrda bor yo‘g‘i 10,5 mlrd. so‘mni yoki 1,2 mln. dollarni tashkil etgan, ya’ni chiqib ketganiga nisbatan 30 barobar kam kirgan.

Birgina «ALFA-INVEST» sug‘urta kompaniyasi ikki yilda jami 81,4 mlrd. so‘m yoki 9,6 mln. dollardan ziyod sug‘urta to‘lovlarini chet el sug‘urta kompaniyalariga to‘lab bergan. Biroq, chet eldan mazkur kompaniyaga bir so‘m ham kelib tushmagan.

Vaholanki, qonundagi qayta sug‘urtalash yirik ob’ektlarni sug‘urtalashda sug‘urtalovchi tashkilotning o‘z imkoniyatlari yetmay qolganida, sug‘urta majburiyatini boshqa sug‘urtalovchi bilan hamkorlikda o‘z zimmasiga olish uchun yaratilgan imkoniyatdir.

Holbuki, mazkur norma amaliyotda milliardlab so‘mning chetga chiqib ketishiga qo‘shtirnoq ichida «xizmat qilmoqda».

Ma’lumki, jahon amaliyotida yirik tavakkallarni sug‘urtalashda mamlakatdagi bir necha sug‘urta tashkilotlarini guruhlarga, jamiyatlarga yoki uyushmalarga jamlash orqali, qayta sug‘urtalash tashkilotlarini tuzish tajribasi XIX asrdayoq yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatimizda esa, shu kunga qadar bu muhim mexanizmdan foydalanilmayapti.

Yana bir holat. Ma’lumotlarga qaraganda, chet el kompaniyalari bilan qayta sug‘urtalashda ishtirok etish uchun sug‘urta kompaniyasining ustav kapitali miqdori 30 mlrd. so‘mdan kam bo‘lmasligi belgilanganiga qaramay, mazkur talabni bajarmagan o‘nlab sug‘urta kompaniyalari bu faoliyat bilan noqonuniy shug‘ullanib kelmoqda.

Lekin sug‘urta nazorati inspeksiyasi va Moliya vazirligi bunday qonunbuzarliklar bilan murosa qilib kelgan va aybdorlarga qonuniy choralar ko‘rish uchun belgilangan tartibda tegishli idoralarga murojaat qilmagan.

Yana bir afsuslanarli jihat shundaki, so‘nggi ikki yilda ixtiyoriy sug‘urta hajmi bor-yo‘g‘i 4 foizga oshgan bir sharoitda undan tushadigan sug‘urta mukofotlari vasug‘urta qoplamalari deyarli ikki barobarga ko‘paygan.

Bu esa, asosan davlat va davlat ulushi bo‘lgan kor-xonalarni sug‘urtalashda mazkur korxonalarning rahbarlari va sug‘urta agentlari o‘rtasidagi turli «kelishuvlar» orqali shaxsiy manfaatni ilgari surish holatlaridan dalolatdir.

E’tibor bering, mamlakatimiz sug‘urta tashkilotlarining jami kapitali 543 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Ularning depozitlardagi mablag‘lari esa, 2018 yilda 54 foizga ortib, 1,1 trln. so‘mga, umumiy investitsiyalari esa 2 trln. so‘mga yetgan.

Qonunosti hujjatlaridagi turli to‘siq va cheklovlar esa, mazkur mablag‘lardan samarali foydalanish, jumladan, ularni sug‘urta kompaniyalarining ustav kapitaliga jalb etish imkonini bermaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, qonun hujjatlaridagi eskir-gan normalar, tafovutlar, chalkashliklar va boshqa kamchiliklar bu kompaniyalar uchun istiqbol eshiklarini yopib qo‘ygan.

Sug‘urta sohasidagi og‘riqli nuqtalardan yana biri kadrlar salohiyati bilan bog‘liqdir. Bugungi kunda soha xodimlarining bor yo‘g‘i 32 foizi oliy va 30 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega. Boz ustiga, ularning aksariyati sug‘urtaga aloqasi bo‘lmagan kasb egalaridir.

Bu kabi ko‘plab muammolar sug‘urta bozorining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bu boradagi ko‘rsatkichlar G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida 8,4%ni, Sharqiy Osiyoda 6,2%ni tashkil etgan bir sharoitda mamlakatimizda bor yo‘g‘i 0,4%dan iborat.

Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sug‘urta mukofotlari miqdori ham haddan tashqari kamligicha qolmoqda. Mazkur ko‘rsatkich qator Yevropa davlatlarida 3 ming, Sharqiy Osiyoda 280, hatto Qozog‘istonda 50 dollargayetgan bir paytda mamlakatimizda 6 dollardan oshmayapti.

Savol tug‘iladi: nahotki, hukumatning iqtisodiyot kompleksi rahbariyati, xususan Moliya vazirligi milliy sug‘urta bozorida yillar davomida yuzaga kelgan shunday ayanchli holatdan bexabar bo‘lsa?

Zamon talablariga mos ravishda amaldagi qonunchilikni takomillashtirib, ham milliy sug‘urta bozorini rivojlantirish, ham milliardlab so‘m mablag‘ni iqtisodiyot rivojiga safarbar etish to‘g‘risidagi tashabbuslar nega shuncha paytdan buyon ilgari surilmadi?

Umid qilamizki, Vazirlar Mahkamasi bu borada o‘z munosabatini bildiradi", — deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.